Amerika Qo‘shma Shtatlari 12 iyundan boshlab mamlakatga havo yo‘li orqali kirib keluvchi yo‘lovchilar uchun majburiy koronavirus testini bekor qiladi, deya «Associated Press» agentligi ma’lumotlariga tayanib «Dunyo» AA xabar bermoqda.

Jozef Bayden ma’muriyati xalqaro sayohatchilar AQShga parvoz qilishdan bir kun oldin COVID-19 uchun PZR testini o‘tkazish talabini bekor qilgan.

Shuninglek, ular pandemiya holatini kuzatishda davom etishlarini va agar vaziyat o‘zgarsa, PZR sinovi zaruratini qayta ko‘rib chiqishlarini bildirgan.

Aviakompaniya va sayyohlik tashkilotlari bir necha oy davomida ma’muriyatni mazkur talabni bekor qilishni talab qilib, bu odamlarni xalqaro sayohatlarni bron qilishiga to‘sqinlik qilayotganini aytgan. Chunki ular sayohat paytida virusni yuqtirib olsalar, chet elda qolib ketishlari mumkin, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, yanvar oyida AQShga kirish uchun yangi qoidalar e’lon qilindi. Unga ko‘ra, yo‘lovchilar parvozdan kamida 24 soat oldin PZR-test hamda kamida 15 kun oldin COVID-19ga qarshi to‘liq emlanganliklarini tasdiqlaydigan guvohnomaga ega bo‘lishlari kerak edi.