Yanvar oyida Farg‘ona viloyatining shahar va tumanlaridagi 1055 ta mahallaga hokim yordamchilari rasman lavozimga tayinlangan edi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, aprel oyiga kelib, ularning 38 nafari faoliyati qoniqarsiz deb topilgani bois va o‘z arizasiga muvofiq vazifasidan ozod etildi. Yana ikki nafar hokim yordamchisi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi sud qarorlariga asosan bekor qilindi.

Bundan tashqari, hisobot davrida 400 ga yaqin hokim yordamchisi yangi tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan, kichik sanoat va servis loyihalarini ishga tushirgan, oilaviy tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashgani qayd etildi.

Shuningdek, 200 dan ziyod hokim yordamchisining ishida natija ko‘rinmagan, qolaversa, маҳалласида ishsizlik ko‘rsatkichi yuqoriligi ma’lum bo‘ldi.

Viloyatning eng yaxshi natija ko‘rsatgan Bag‘dod tumani «Chekxitoy» MFYdagi hokim yordamchisi Nurmatjon G‘oziyev prezident tomonidan ajratilgan sovg‘a MacBook Pro noutbuki bilan taqdirlandi. Ijobiy natijaga erishgan yana 342 nafar hokim yordamchisiga esa Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining tashakkurnomalari taqdim etildi.

Faoliyati «qoniqarsiz» deb topilgan jami 205 nafar hokim yordamchilarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun 28−29 aprel kunlari ikki kunlik malaka oshirish seminari tashkil etildi.

Ushbu hokim yordamchilarining katta qismi seminarda berilgan zarur tavsiya va yo‘riqnomalarni yaxshi o‘zlashtirib, ish faoliyatlarini yangidan tashkil qilgan bo‘lishsada, lekin o‘nlab mahallalarda ijobiy o‘zgarish qayd etilmagani ma’lum bo‘ldi.