24 may kuni O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov va Xitoyning Toshkentdagi elchisi Szyan Yan ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida texnik-iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu haqda ITSV matbuot xizmati xabar berdi.

Bitim XXR hukumati tomonidan O‘zbekistonda ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni birgalikda amalga oshirish uchun 250 mln yuan (37,5 mln dollar) miqdorida beg‘araz yordam ko‘rsatishni nazarda tutadi.

Bugungi kungacha mamlakatlar o‘rtasidagi texnik-iqtisodiy hamkorlik doirasida sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq va suv xo‘jaligi, madaniyat, transport va boshqa sohalarda loyihalar amalga oshirilgan.