Ayni vaqtda Toshkentda SHHT mamlakatlari Turizm tashkilotlari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda. Unda so‘zga chiqqan O‘zbekiston turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni yanada kuchaytirish borasida o‘z takliflarini bildirdi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

Vazirning ta’kidlashicha, 2019 yilda SHHT davlatlaridan 250 millionga yaqin, shu jumladan, Hindistondan 27 mln, Xitoydan 155 mln, O‘zbekistondan 1,7 mln, Qozog‘istondan 206 ming, Tojikistondan 31 ming, Rossiyadan 20 mln sayyoh xorijda dam olish uchun ketgan. «Biz barcha kuchlarni birlashtirib, bu oqimni, birinchi navbatda, «SHHTning ichki turizmi»ni rivojlantirishga yo‘naltirishimiz kerak», — dedi u.

Shuningdek, O‘zbekiston SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash tarafdori ekanligi aytildi.

Shu maqsadda o‘zbek tomonidan «Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida»gi hukumatlararo bitim loyihasi tayyorlangan va mazkur forum doirasida ko‘rib chiqiladi.

Aziz Abduhakimov mamlakatlar rahbarlari turizm vazirlari oldiga qo‘ygan vazifalarni bajarish maqsadida hamda xalqaro hamkorlikni nazorat qilish uchun turizm ma’muriyatlari rahbarlarining o‘rinbosarlari darajasida doimiy muvofiqlashtiruvchi guruh tuzishni taklif qildi.


Vazirning fikricha, mazkur guruhga quyidagi beshta vazifani topshirish mumkin:

Birinchidan. Turizm biznesini keng jalb qilgan holda seriyali muhokamalarni o‘tkazish, SHHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi eng ommabop turistik yo‘nalishlar va marshrutlar xaritasini (ma’lumotlar bazasini) yaratish.

Ikkinchidan. SHHTning ichki turizm salohiyatini cheklovchi muammolarni o‘rganish va uning yechimlarini, shu jumladan mujassamlashtirilgan sayohatlar va transchegaraviy sayyohlik almashinuvi imkoniyatlarini aniqlash.

Uchinchidan. Mamlakatlar o‘rtasida yaxlit yo‘nalishlar bo‘ylab turistik va transport aloqalarini yaxshilash yuzasidan tavsiyalar va yechimlarni shakllantirish.

«Chunki kombinatsiyalangan marshrutlar xorijiy sayyohlar orasida mamlakat yo‘nalishlariga qaraganda ko‘proq talabga ega. Biz, misol uchun, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan Farg‘ona vodiysidagi turistik yo‘nalishlar bo‘yicha, Qozog‘iston bilan esa — Turkiston-Toshkent-Samarqand-Buxoro sayyohlik kvadrati yuzasidan faol ish olib borayapmiz. Ushbu tajribani SHHTning boshqa mamlakatlari bilan qo‘llashga tayyormiz», — dedi Aziz Abduhakimov.

To‘rtinchidan. Turizm industriyasini raqamlashtirish, aqlli va yashil texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish. Elektron tijorat mahsulotlari va xizmatlarini kengroq joriy etish, SHHT mintaqasi turizmida intellektual xizmatlar ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlash zarur, deb hisoblaydi vazir.

Beshinchidan. SHHT mamlakatlari yoshlarini ushbu jarayonga faol jalb etish. Shu munosabat bilan biz ertangi forumning alohida bo‘limini ta’lim va ilmiy almashinuv masalalariga bag‘ishlashga qaror qildik, dedi O‘zbekiston vakili.


Aziz Abduhakimov nutqi so‘nggida prezident Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan SHHTga a’zo mamlakatlariga «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universitetida ta’lim olish uchun 6 tadan kvota ajratilganini qo‘shimcha qildi.

Uchrashuv yakunida turizm sohalari rahbarlari «Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida»gi bitim loyihasini tasdiqlashdi va forum doirasida imzolashga kelishib oldi.

Ma’lumot o‘rnida, mazkur forum 2022 yil 15−16 sentabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti doirasida tashkil etildi.