1 maydan boshlab yangi haydovchilar yoxud tajribasiz haydovchilarning avtomobillari maxsus belgi bilan belgilanadi. Bu O‘zbekistonning yangilangan yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan, deb xabar berdi IIV YHXB matbuot xizmati.

YHQdagi o‘zgarishlarga ko‘ra, haydovchilik staji ikki yildan kam bo‘lgan yoki haydashni endi boshlagan, malakasi yetarli bo‘lmagan haydovchilar boshqarayotgan transport vositasining orqasida ichiga qora rangli balandligi 110 mm bo‘lgan undov belgisi tasviri tushirilgan sariq kvadrat (150 mm tomoni) bo‘lishi kerak. Traktor, o‘ziyurar transport va mototsikllar bundan mstasno.

Yo‘l harakati qoidalariga kiritilmagan belgilarni o‘rnatish, shuningdek, avtomobil kuzovi va oynalariga turli yozuvlarni qo‘llash taqiqlanadi. Belgilangan tartibda reklama maqsadidagi yozuvlarni qo‘llash istisno hisoblanadi.