1 iyundan davlat xizmatlari markazlarida aholi va tadbirkorlik subyektlariga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish uchun o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi joylar tashkil etiladi.Bu prezidentning 20 apreldagi farmonida ko‘zda tutilgan. Bunda, markazlarda faoliyat olib borayotgan operatorlarning kamida 1 nafari davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanmoqchi bo‘lgan shaxslarga bevosita yordam ko‘rsatishga jalb etiladi.

Shuningdek, davlat xizmatidan foydalanishda undiriladigan to‘lovlarni Markazlarda joylashgan tijorat banklari shoxobchasidan naqd yoki naqd pulsiz shaklda to‘lamoqchi bo‘lganlarga ikki foizgacha bo‘lgan tijorat bankining komissiya summasi uchun alohida to‘lov undirilmaydi. (bundan davlat boji to‘lovlari mustasno). Bunda, mablag‘larni oluvchilarning har biriga yo‘naltiriladigan summalar proporsional ravishda kamaytirilgan holda, tijorat bankining komissiya to‘lovi xizmatdan foydalanish uchun to‘lanadigan to‘lov hisobidan o‘tkazib beriladi.

Hujjatga ko‘ra, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, davlat xizmatlarini ko‘rsatish yoki boshqa ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish funksiyalari yuklatilgan tashkilotlarning mansabdor shaxslari va mas’ul xodimlari davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun javobgar hisoblanadi.

Shu bilan birga, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari hamda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda o‘tkaziladigan kirish test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan to‘lovlardan ozod etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, 1 avgustdan boshlab davlat xizmatlaridan foydalanishda shaxsni aniqlash uchun Mobil-ID tizimi joriy etilishi haqida xabar bergan edik. Unga ko‘ra, fuqarolar tizim orqali elektron raqamli imzoni qo‘llamagan holda barcha davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi.