10 mart kuni soat 10:00 larda Tojikistonning Qirg‘iziston bilan chegaradagi Isfara tumani Chorkuh mahallasida ikki davlat chegarachilari o‘rtasida otishma sodir bo‘ldi. Bu haqda Tojikistonning Asia-Plus nashri mahalliy aholining so‘zlariga tayanib xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Qirg‘iziston chegarachilari Tojikiston hududiga o‘tib, tojik chegarachilaridan ushbu hududni tark etishni talab qilishgan. «Qirg‘iz chegarachilari birinchi bo‘lib o‘t ochgan. Tojikiston tomoni esa javob bergan», — degan mahalliy aholidan biri.

Otishma tufayli Tojikiston tomonidan bir chegarachi halok bo‘ldi, yana ikki nafari yaralandi.

Fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, hozirda ikki davlat huquq-tartibot idoralari joylarda ish olib bormoqda, vaziyat tarangligicha qolgani aytilmoqda.

«24.kg» nashri (Qirg‘iziston) bergan xabarga ko‘ra, tojik chegarachilari Botken tumanining Teskei hududidagi chegaraning belgilanmagan qismida xizmat o‘tash chog‘ida harakat yo‘nalishini o‘zgartirib, yangi chegara chizig‘iga kirishgan va Qirg‘iziston chegarachilaridan joyni tark etishni talab qilgan.

«Tojikiston chegarachilari turgan joyga qo‘shimcha kuchlar yetib keldi. Ular o‘zlarining son jihatdan ustunliklaridan foydalanib, yangi chegaraga chiqishga harakat qilishdi. Biroq Qirg‘iziston chegarachilari bunga imkon bermadi. Natijada 10 daqiqaga yaqin davom etgan otishma boshlandi. Otishma natijasida qirg‘iz tomonidan yaradorlar va jarohatlanganlar yo‘q», — deyiladi Qirg‘iziston Chegara xizmati xabarida.

Shuningdek, tomonlarning chegara vakillari o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tgani va muzokaralar davom etayotgani qayd etilgan.

Muzokaralar natijasida quyidagi qarorlar qabul qilingan, deya xabar berdi «24.kg» nashri:

  • tomonlarning har biri 10 mart kuni sodir bo‘lgan qurolli hodisa bo‘yicha o‘z tekshiruvini o‘tkazadi, dastlabki natijalar Qirg‘iziston va Tojikiston chegara idoralari rahbarlarining 12 martga belgilangan uchrashuvida e’lon qilinadi;
  • tomonlarning har biri chegaradosh qishloqlar aholisi o‘rtasida tushuntirish ishlarini davom ettiradi.

Ta’kidlanishicha, Qirg‘izistonning Botken viloyati va Tojikistonning So‘g‘d viloyati hokimlari mojarolar va ular avj olishining oldini olish uchun zarur choralarni ko‘rishga kirishgan.

Muloqot chog‘ida ikki davlat chegara boshqarmalari harbiy xizmatchilari tomonidan Qirg‘iziston-Tojikiston davlat chegarasida harbiy xizmatchilarning yurish-turish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan masalalar ko‘rib chiqilgan.

Soat 16:00 holatiga ko‘ra, Qirg‘iziston-Tojikiston davlat chegarasi uchastkasida vaziyat barqaror deb baholanmoqda.