O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston bosh vaziri Imron Xonning taklifiga binoan 3−4 mart kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Oliy darajadagi muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston-Pokiston strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.

Eng avvalo, savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, transport, logistika, infratuzilma va turizma sohalarida amaliy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi. Xalqaro va mintaqa kun tartibi yuzasidan fikr almashiladi.

Sammit yakunida qo‘shma deklaratsiya va qator ikki tomonlama hujjatlarni qabul qilish rejalashtirilgan.

Tashrif dasturiga muvofiq, davlat rahbari Pokiston prezidenti Orif Alviy, ushbu mamlakat idoralari va yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashishi ham ko‘zda tutilmoqda.