25 fevral kuni Yevrosiyo hukumatlararo kengashi a’zolari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bosh vazir Abdulla Aripov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishga tayyorlanayotganini ma’lum qildi.

«Hozirda O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqiyot bankiga qo‘shilishi jarayoni va shartlarini kelishish ishlari faol amalga oshirilmoqda», — dedi u.

Hukumat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tegishli idoralari va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi departamentlari o‘rtasida yaqin hamkorlik bo‘yicha qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni muvofiqlashtirish ishlari yakunlanmoqda. Mazkur hujjat O‘zbekistonning tegishli organlari va komissiyaning boshqarmalari o‘rtasida savdo, sanoat, bojxona, moliya va soliq sohalari, shuningdek, energetika, texnik jihatdan tartibga solish, dori vositalari va tibbiyot mahsulotlari sohalarida hamkorlikni o‘z ichiga oladi.

«Biz Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar ushbu hujjatning qabul qilinishini ma’qullashda qo‘llab-quvvatlashiga umid bildiramiz», — dedi u.

Bank haqida

Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) — xalqaro moliya tashkiloti bo‘lib, unga a’zo davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga ko‘maklashish, ularning savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish va investitsiya faoliyati orqali Yevroosiyo hududida integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

YeOTB 2006 yilda Rossiya va Qozog‘iston tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, 2009 yilda Armaniston va Tojikiston, 2010 yilda Belarus, 2011 yilda Qirg‘iziston ushbu bankka a’zo bo‘lgan. Bankning ustav kapitali 7 mlrd dollarni tashkil etadi.

YeOTBning asosiy strategik maqsadlari:

  • kuchli integratsiya effektiga ega loyihalarni va milliy rivojlanish loyihalarini moliyalashtirish;
  • yangi moliyaviy mahsulotlar va vositalarni joriy etish;
  • sanoat ishlab chiqarishi sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;
  • bankka a’zo mamlakatlarda DXSH asosidagi tashabbuslarni ilgari surish;
  • ishtirokchi mamlakatlarga qo‘shimcha sarmoyalarni jalb qilish uchun hamkorlikni rivojlantirish hisoblanadi.

Bankning shtab-kvartirasi Olmaota shahrida joylashgan, Sankt-Peterburgda filiali, Nur-Sulton, Bishkek, Dushanbe, Yerevan, Minsk va Moskvada vakolatxonalari mavjud.