O‘zbekistonda Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tashkil etilmoqda. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan «O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini yanada oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorda nazarda tutilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, Respublika Davlat budjeti mablag‘larini sarflash samaradorligini oshirish, budjet qonunchiligi buzilishining profilaktikasini kuchaytirish va masofaviy moliyaviy nazoratni kengaytirish, shuningdek, davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish maqsadida Hisob palatasi, Moliya vazirligi, vazirlik va idoralarning ichki audit xizmatlari 2022 yildan boshlab nazorat ishlarining yillik dasturlarini qarorda nazarda tutilgan ustuvor yo‘nalishlarga muvofiqlashtirishi kerak.

Bunda quyidagilarga alohida e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlangan:

  • budjet tashkilotlarida budjet mablag‘lari boshqarilishi va budjet hisobi yuritilishini maxsus avtomatlashtirilgan dasturiy mahsulotlar vositasida doimiy monitoring qilish;
  • masofaviy nazoratni keng ko‘lamda qo‘llash, zamonaviy axborot texnologiyalari va ma’lumotlar bazasi vositasida tekshirish obyektlari va maqsadlarini aniqlash yo‘li bilan kam samarali taftishlarni qisqartirish bilan bir vaqtda budjet tashkilotlarini tekshirish samaradorligini oshirish.

Bundan tashqari, hujjatda Moliya vazirligi tarkibidagi Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari negizida Moliya vazirligi huzurida Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasini tashkil etilish ko‘zda tutilgan.

Moliya vazirligiga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda «Elektron nazoratchi-taftishchi» dasturiy majmuasini ishlab chiqish va joriy etish topshirig‘i berilgan.

Ishlar ikki bosqichda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, 2022 yil 1 sentabrga qadar vazirlik va idoralar bilan real vaqt rejimida axborot almashinuvi orqali budjet qonunchiligini buzish xavfini tahlil qilish maqsadida Moliya vazirligining moliyaviy nazorat ma’lumotlari bazasini ishga tushirish, 2023 yil yanvarga qadar esa davlat moliyaviy nazorati obyektining muayyan davr uchun ayrim masalalar bo‘yicha faoliyatini nazorat qilish modulini yaratish rejalashtirilmoqda.

Inspeksiya boshlig‘i moddiy, tibbiy va transport ta’minoti shart-sharoitlari bo‘yicha moliya vaziri o‘rinbosariga tenglashtirilgan. Inspeksiya boshlig‘i va uning o‘rinbosarlari moliya vazirining taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanishi va lavozimdan olinishi belgilangan.