Buxoroda ichki ishlar bo‘limi binosida fuqaro vafot etdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov ma’lum qildi.

17 yanvar kuni G‘ijduvon tuman ichki ishlar boshqarmasiga fuqaro F.Q. hududda giyohvandlik moddasi savdosi bilan shug‘ullanayotgan «Asliddin» ismli shaxsga chora ko‘rishni so‘rab, ariza bilan murojaat qilgan. Ariza yuzasidan ichki ishlar xodimlari tekshiruv o‘tkazgan.

Tezkor tadbirda A.R. ushlangan. U ariza muallifi F.Q.ga 3 dona gugurt qutilariga joylashtirilgan 12,61 gramm «marixuanna» giyohvandlik moddasini 1 mln 350 ming so‘mga sotgani aniqlangan. Ashyoviy dalillar bilan ushlangan A.R. surishtiruv jarayonida u «marixuanna»ni tumandagi «G‘ishti» qishlog‘ida yashovchi I.T.dan (1960 y.t.) sotib olgani haqida ko‘rsatma bergan.

«Ushbu holatga aniqlik kiritish maqsadida fuqaro I.T. tumandagi 4-sonli IIBga taklif qilingan. U bo‘limga yetib kelgan vaqtida sog‘ligi yomonlashgan hamda ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan zudlik bilan tez tibbiy yordam chaqirilgan. Biroq, yetib kelgan shifokorlar fuqaro I.T.ning vafot etganini qayd etgan», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, viloyat prokuraturasining tergov — tezkor guruhi tomonidan 4-sonli IIB ma’muriy binosi, xizmat xonalari va bino yon atrofi ko‘zdan kechirilgan, lekin, holatga aloqador izlar yoki shubhali holatlar aniqlanmagan.

«Bundan tashqari, binoga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari ko‘zdan kechirildi hamda ularning xotira moslamalari olib qo‘yildi. Shuningdek, I.T.ning o‘g‘li Sh. T. hodisa joyiga chaqirilib, uning ishtirokida murda ko‘zdan kechirildi. Murdani ko‘zdan kechirish jarayonida uning murda tanasida tan jarohatlari yoki uning izlari aniqlanmagan», — deyiladi xabarda.

Tibbiy ekspertiza bergan birlamchi xulosaga asosan fuqaro I.T.ning o‘limiga yurak qon tomirlar trombozi, o‘pka yallig‘lanishi oqibatida kelib chiqqan o‘tkir yurak qon tomir yetishmovchiligi sabab bo‘lgan.

Shuningdek, tuman tibbiyot birlashmasi I.T. muqaddam yurak xuruji bo‘yicha davolanib kelgani hamda jarrohlik amaliyoti orqali bitta buyragi olib tashlanganini ma’lum qilgan.

Hozirda, ustidan arz qilingan fuqaro A.R. ga giyohvandlik moddasini olgani uchun G‘ijduvon tuman IIB TB tomonidan JKning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bundan tashqari, I.T. ning vafot etganligi holati yuzasidan viloyat prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda. Tekshiruv davomida G‘ijduvon tuman IIB xodimlarining harakatlariga qonuniy baho berilishini ta’minlash maqsadida xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Tergovga qadar tekshiruv natijasi yuzasidan qo‘shimcha ravishda ma’lumot berilishi qayd etilgan.