Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2021 yilda 146,8 mlrd dollargacha o‘sdi

2021 yilda Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi tovar aylanmasi 35,8 foizga o‘sib, 146,88 mlrd dollarni tashkil etdi va bu borada rekord qayd etildi, deya xabar berdi Kommersant’ Xitoy Bosh bojxona boshqarmasiga tayanib.

Xitoy tashqi savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 30,3 foizga o‘sib, rekord darajadagi 6,05 trln dollarni tashkil etdi. 2021 yilning dekabr oyida Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi noyabr oyiga nisbatan 11,5 foizga o‘sib, 16,44 mlrd dollar miqdorida qayd etilgan. Yil davomida Rossiyada import 33,8 foizga oshib, 67,56 mlrd dollarni, Rossiya tovar va xizmatlari eksporti esa 37,5 foizga oshib, 79,32 mlrd dollarga teng bo‘lgan — TASS.


Yevroparlament Ukraina bo‘yicha favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi

17 yanvar kuni Yevroparlamentning Tashqi ishlar qo‘mitasida Yevropa Ittifoqi vakili Xosep Borrel ishtirokida Yevropada xavfsizlik arxitekturasi va Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha navbatdan tashqari yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi .

«Dushanba kuni Yevropa Ittifoqi vakili Jozep Borrel ishtirokida Yevropa parlamenti Tashqi ishlar qo‘mitasi va xavfsizlik bo‘yicha quyi qo‘mitasining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilishda Ukraina sharqida va mamlakatning Rossiya bilan chegaralari yaqinida davom etayotgan inqiroz nuqtai nazaridan Yevropa xavfsizlik arxitekturasini muhokama qilinadi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, deputatlar dushanba kuni Strasburgda boshlanadigan navbatdagi yalpi majlisda Yevropa xavfsizligi masalalari bo‘yicha munozara o‘tkazish taklifini ham bildirgan.


Yaponiya sobiq bosh vaziri Tosiki Kayfu vafot etdi

Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Tosiki Kayfu 91 yoshida vafot etdi. Bu haqda juma kuni TASS xabar berdi.

Unga ko‘ra, sobiq hukumat rahbari 9 yanvar kuni vafot etgan. Kayfu 1989 yilning avgustidan 1991 yilning noyabrigacha bosh vazir lavozimida ishlagan. U mudofaa kuchlari bo‘linmalarini xorijga yuborishni ma’qullagan Yaponiya hukumatining birinchi rahbari bo‘ldi. Harbiy xizmatchilar Fors ko‘rfazi urushidan keyin minalarni tozalash operatsiyalarida qatnashgan.


BMT 11 milliondan ortiq afg‘on xotin-qizlari insonparvarlik yordamiga muhtoj ekanini bildirdi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (OCHA) tvitterda 11 milliondan ortiq afg‘on ayol va qizlari shoshilinch insonparvarlik yordamiga muhtoj ekanini bildirdi. Shuningdek, tashkilot «Tolibon» Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan keyin ayollar huquqlarining buzilishi kuchayganidan jiddiy xavotirdaligini ma’lum qildi.

OCHA ma’lumotlariga ko‘ra, gumanitar tashkilotlar ayollar va qizlarga oziq-ovqat, sog‘liqni saqlash, ta’lim va yashash imkoniyatlari bilan ta’minlash uchun yordamni kengaytirishga harakat qilishi kerak.

«Tolibon» vakili Zabihulloh Mujohid OCHA bayonotini asossiz deb aytdi. U Twitter sahifasida «Tolibon» hokimiyat tepasida bo‘lganidan beri barcha odamlar teng huquqlarga ega bo‘lgani, BMTning Afg‘onistondagi ayollar maqomi haqidagi hisoboti «noto‘g‘ri ma’lumotlar»ga asoslanganini yozgan — TASS.