13 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va RF prezidenti Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, suhbatda mamlakatlar yetakchilari O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining joriy holati va istiqbollarini muhokama qilgan.

Oliy darajada o‘tgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

Turli darajalardagi delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari faollashgan. 2021 yil yakunlariga ko‘ra tovar ayirboshlash hajmi 33 foizga oshgan.

Hududlararo yo‘nalishda, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlar faol rivojlanmoqda.

Tomonlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan turkum tadbirlar o‘tkazish muhim ekanini ta’kidladi.

Yaqinda Qozog‘istonda ro‘y bergan voqealar nuqtai nazaridan Markaziy Osiyodagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi. Qozog‘iston rahbariyati tomonidan ushbu mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni tiklash, vaziyatni barqarorlashtirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar qo‘llab-quvvatlandi.

Telefon orqali muloqot har doimgidek iliq, samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi, deyiladi xabarda.