O‘zbekiston prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

«Vatan himoyachilari kuni arafasida Qurolli Kuchlarimiz va harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyati samaradorligini tahliliy ko‘rib chiqish va kelgusidagi dolzarb vazifalarni belgilab olish yaxshi an’anaga aylangan. Ushbu majlis ulug‘ sana — O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining shonli 30 yilligi arafasida o‘tkazilmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident nutqi davomida Qurolli Kuchlar saflarida xizmat qilayotgan barcha harbiylar va soha faxriylarini bayram bilan samimiy tabriklagan.

Shundan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istondagi voqealarga ham munosabat bildirdi.

«So‘nggi kunlarda biz uchun yaqin qo‘shni va qardosh bo‘lgan Qozog‘iston Respublikasida sodir bo‘lgan voqealar hammamizni jiddiy tashvishga soldi. Biz ming yillar davomida qozoq xalqi bilan yaqin qo‘shni bo‘lib, birgalikda yonma-yon yashab kelganmiz. Bizni umumiy tarix, urf-odat va madaniyat bog‘lab turadi. Kelajagimiz ham o‘zaro chambarchas bog‘liqdir», — dedi u.

Shu bilan birga, u Qozog‘iston grezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan bir necha bor telefon orqali muloqot qilganini tilga oldi.

«O‘zbekiston xalqi nomidan butun Qozog‘iston eli va rahbariga barqarorlik hamda farovonlikni ta’minlash borasidagi barcha sa’y-harakatlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlashimizni bildirdim. Fursatdan foydalanib, ushbu voqealarda qurbon bo‘lganlarning oila a’zolari va barcha yaqinlariga yana bir bor chuqur ta’ziya va hamdardlik izhor qilaman. Jabrlangan insonlar ham tez orada sog‘ayib ketishiga tilakdoshman», — deya ta’kidladi prezident.

«Yaratganga shukrki, qo‘shni mamlakatdagi vaziyat asta-sekin o‘z iziga tushib bormoqda, davlat tuzilmalari va ijtimoiy muassasalar o‘z faoliyatini qayta tiklamoqda, odamlar osoyishta hayotga qaytmoqda. O‘z o‘tmishida ko‘plab murakkab sinovlarni boshidan kechirgan donishmand qozoq xalqi bu og‘ir kunlarni ham tez orada mardona yengib o‘tishiga hamda yanada yakdil va hamjihat bo‘lishiga ishonaman», — dedi davlat rahbari.