Kelgusi 5 yilda barcha transport turlarini uzviy bog‘lagan holda yagona transport tizimini rivojlantirish, Toshkent va yirik shaharlar o‘rtasida kunlik transport qatnovlari bo‘yicha uzog‘i bilan 6−7 soatda manzilga yetib borish va qaytib kelish imkoniyatini yaratish maqsad qilingan.

Bu jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi loyihasida qayd etilgan.

Unga ko‘ra, Toshkent shahar jamoat transporti hamda hududlarda yo‘lovchi tashish transporti tizimini takomillashtirish va uning infratuzilmasini rivojlantirish ko‘zda tutilayapti.

Transport va logistika xizmatlari bozori va infratuzilmasini rivojlantirish, temir yo‘l infratuzilmasini elektrlashtirish darajasini 60 foizga yetkazish va avtomobil yo‘llari tarmog‘ini jadal rivojlantirish reja qilingan.

Shundan kelib chiqib, 2022 yilga mo‘ljallangan Yo‘l xaritasida poytaxt jamoat transporti, shaharlararo yo‘lovchi transporti va havo yo‘llari qatnovlarini rivojlantirish, konsepsiyalar ishlab chiqish taklif etilayapti.

Toshkent shahri jamoat transporti

Takliflarga ko‘ra, 2022 yil fevralga qadar Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahrida o‘zaro uzviy bog‘langan barcha transport turlarini rivojlantirish Dasturini ishlab chiqish ko‘zda tutilayapti.

Bunda quyidagilar reja qilingan:

  • 673 dona elektrobus xarid qilish;
  • shahar yo‘lovchi tashish transportining barcha turlarini uzviy bog‘lagan holda 11 ta magistral, 14 ta halqa, 92 ta bog‘lovchi va 42 ta yetkazib beruvchi yangi muntazam avtobus yo‘nalishlari tarmog‘ini yaratish;
  • namunaviy dizayn asosida yo‘lovchilar, jumladan imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay sharoitga ega bo‘lgan 1160 ta oraliq bekatlarini qaytadan qurish.

Toshkent shahri jamoat transportining kamida 5 ta yo‘nalishida xorijiy ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan «bosilgan yo‘l», «yo‘lovchi oqimi» va «sifat» mezonlari asosida bajarilgan ishlar hajmidan kelib chiqqan holda tashuvchilarni moliyalashtirishning yangi tizimini (Pool system) joriy etish bo‘yicha eksperiment o‘tkazish maqsad qilingan.

Aholini sog‘lom turmush tarzini yaratish maqsadida har yili 50 kmdan, 5 yil davomida jami 250 km velosiped va piyodalar yo‘laklarini qurish rejalashtirilgan.

2022 yil iyulgacha Vazirlar Mahkamasining tirbandlik yuqori bo‘lgan ko‘chalarda yo‘l o‘tkazgichlar qurish konsepsiyasini ishlab chiqish to‘g‘risidagi qarori loyihasini tayyorlash ko‘zda tutilgan.

Qolaversa, Hukumat qarori loyihasi bilan yer usti yo‘lovchi tashish transporti yo‘nalishlari tarmog‘ini metropoliten bilan integratsiyalash va infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda (5 yilda) 84 ta, shu jumladan 2022 yilda 14 ta yangi harakat tarkibini (metro poyezdlarini) xarid qilish taklif etilayapti.

Shaharlararo yo‘lovchi transporti

2022 yilning may oyiga kelib, Vazirlar Mahkamasining yo‘lovchi tashish transporti tizimini tubdan takomillashtirish Dasturi loyihasini ishlab chiqish kutilayapti.

Bunda quyidagilarni amalga oshirish maqsad qilingan:

  • aholi punktlarning jamoat transport bilan qamrovini 95 foizga yetkazish;
  • o‘rta va yirik shaharlarda jamoat transportidan foydalanish ulushini 22 foizdan 35 foizga oshirish;
  • viloyat markazlarida «Damas» rusumli yengil avtomobillar faoliyat ko‘rsatuvchi yo‘nalishlarni bosqichma-bosqich avtobus va mikroavtobuslar bilan almashtirish;
  • 52 ta avtostansiya qurish hamda 29 tasini rekonstruksiya qilish;
  • 278 ta yangi avtobus yo‘nalishlari ochish;
  • 60 ta yangi shaharlararo avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish;
  • avtobus haydovchilarining mehnat va dam olish rejimiga rioya etilishi ustidan nazorat tizimini takomillashtirish.

Muntazam yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun yangi avtobus va mikroavtobuslarni olib kirishda yoki mahalliy ishlab chiqaruvchidan xarid qilishda QQSni foizsiz va uning to‘lanishini ta’minlash talab etilmagan holda kechiktirib (bo‘lib-bo‘lib) to‘lash tizimini joriy etish kutilmoqda.

Qarshi va Andijon shaharlarining jamoat transporti tizimini takomillashtirish va uning infratuzilmasini rivojlantirish Konsepsiyalarini ishlab chiqish ham rejada bor.

Havo transporti

2022 yilda havo transportini rivojlantirish orqali shaharlararo qatnovlarda aholi mobilligini oshirish taklif etilayapti.

Bunda quyidagilarni amalga oshirish ko‘zda tutilayapti:

  • mahalliy tashuvlarda xususiy va loukoster aviakompaniyalar ulushini bosqichma-bosqich 25 foizgacha oshirish;
  • mahalliy aviaqatnovlar sonini haftasiga 48 tadan 80 taga hamda tutashuvchi qatnovlar sonini 4 tadan 8 taga yetkazish;
  • ijtimoiy talablardan hamda zaruriyatdan kelib chiqqan holda yangi va mavjud mahalliy aviaqatnovi yo‘nalishlarini subsidiyalashni davom ettirish.

2022 yil iyunga qadar hududlardagi har bir aeroportni texnik holatidan kelib chiqib iqtisodiy hisob-kitoblar asosida aeroportlarni rivojlantirish konsepsiyasi va har bir aeroport bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqish maqsad qilingan.

Bunda asosiy e’tibor quyidagilarga qaratiladi:

  • hududlardagi 11 ta xalqaro aeroportlarning o‘tkazish qobiliyatini 2 barobarga oshirish;
  • aeroportlarda 11 ta yangi yuk terminalini qurish orqali yuklarga xizmat ko‘rsatish hajmi 3 barobarga oshirish.

Navoiy aeroporti hamda xalqaro intermodal logistika markazi boshqaruviga yirik xorijiy yuk operatorini jalb qilish taklif etilayapti.