Dekabr oyi oxirida prezidentning 2022−2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risidagi farmoni loyihasi muhokama uchun e’lon qilingandi.

Unda Adliya vazirligi bildirgan takliflar orasidan davlat boshqaruvi tizimida ma’muriy apparatni ixchamlashtirish va ish jarayonlarini maqbullashtirish ham o‘rin olgan.

Buning uchun xususiy sektorga o‘tkaziladigan ayrim davlat funksiyalari sonini 3 barobarga oshirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish rejalashtirilmoqda.

Davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish ishlarini jaddallashtirish hamda davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash ko‘zda tutilayapti.

Hududlarni rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni hal qilishda barcha darajadagi davlat boshqaruvi organlari hududiy boshqarmalarining samarali ishini tashkil etish maqsad qilingan.

2022-yil dekabr oyigacha xususiy sektorga o‘tkaziladigan davlat funksiyalariga oid prezident qarori loyihasi ishlab chiqish va qabul qilish reja qilingan.

Unda ayrim sohalardagi davlat nazorati, shu jumladan yong‘in xavfsizligini ta’minlash, ta’lim sifatini nazorat qilish, dori vositalarini sertifikatlashtirish kabi funksiyalarga xususiy sektor vakillarini jalb qilish kutilmoqda.

Xususiy sektorni jalb qilish samaradorligi yuqori bo‘lgan sohalarni aniqlab, ayrim davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish nazarda tutiladi.

Bundan tashqari, davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish hisobiga mahalliy ijro hokimiyati organlari va hududiy davlat boshqaruvi organlarining joylarda masalalarni hal qilishdagi rolini oshirish ham ustuvor maqsad sifatida qaralmoqda.

Bunda asosiy e’tibor 2022-yil yakuniga qadar respublika davlat boshqaruvi organlarining funksiya va vakolatlarini hududiy davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga o‘tkazishning tartibini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Hududlarni rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni hal qilishda barcha darajadagi davlat boshqaruvi organlari hududiy boshqarmalarining samarali ishini, shu jumladan raqamli texnologiyalarni joriy qilgan holda tashkil etish.

Loyiha yuzasidan jamoatchilik muhokamalari 14-yanvarga qadar davom etadi.