Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov Hindistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabhat bilan uchrashdi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda ikki mamlakatning iqtisodiy aloqalarida ishga solinmagan salmoqli salohiyat va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishning samarasi yuqori bo‘lgan qator ustuvor yo‘nalishlar qayd etildi.

Tomonlar yangi istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish va ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida savdo aloqalarini o‘rnatish, O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikning keng qamrovli dasturini ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma ishlarni faollashtirishga kelishdi.

Alohida tartibda hududlararo hamkorlikni, xususan, O‘zbekistonning Andijon viloyati va Hindistonning Gujarot shtati o‘rtasida munosabatlarni faollashtirish chora-tadbirlari o‘rganildi. Bundan tashqari, investitsiyaviy, savdo va madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma loyihalar hamda dasturlarni amalga oshirishni nazarda tutgan holda, Farg‘ona viloyati va Xaryana, Buxoro va Haydarobod, Toshkent va Nyu-Dehli shaharlari o‘rtasida bevosita hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Umurzoqov va Manish Prabhat Hindiston Eksimbanki tomonidan O‘zbekistonda infratuzilmaviy rivojlanish va ta’lim sohalarida loyihalarni moliyalashtirish uchun 448 mln dollar miqdorida mablag‘lar ajratilishini olqishlab, ushbu loyihalarni joriy etish borasida birgalikda ishlashga kelishib oldi.

Bundan tashqari, tomonlar IT, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltirilgan ijtimoiy yangi loyihalarni ishlab chiqishni jadallashtiradi. Hindiston tomoni bu loyihalar uchun grantlar ajratadi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin OTB O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun $100 mln kredit ajratishi ma’lum qilingandi.