Toshkentning uch tumanida kuchli ta’sir qiluvchi dorilarning noqonuniy savdosi aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, “A” MCHJga qarashli dorixona rahbari J. T. xaridorga 5 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 125 ming so‘mga sotganligi aniqlangan. Ushbu dorixonadan tegishli hujjatlari bo‘lmagan 89 dona “Karbaleks”, 51 dona “Regapen” va 50 dona “Karbamazepin” nomli dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati

Xuddi shunday, Departamentning Shayxontohur tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar Sh. X. va B. X. lar xaridor M. ga 20 dona “Tropikamid” va 42 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 100 AQSh dollari va 1 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlandi. Ularning yashash xonadonidan 435 dona “Regapen”, 201 dona “Selofen” va 23 dona “Tropikamid” nomli dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shu kabi, Departament hamda DXXning Yunusobod tumani bo‘limlari tomonidan IIV xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, “K” MCHJ ta’sischisi X. E. va boshqalar 5 dona “Zardeks” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 100 ming so‘mga sotganligi aniqlandm. J. I.ning boshqaruvidagi avtomashinadan 100 dona “Zardeks” nomli dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti axborot xizmati

Xuddi shunday, “F” MCHJga qarashli dorixonada o‘tkazilgan tekshiruvda, dorixona rahbari M. Sh. xaridorga 3 dona “Regapen” nomli dori vositasini 60 ming so‘mga sotganligi aniqlanib, ushbu dorixonadan tegishli hujjatlari bo‘lmagan 322 dona “Regapen” nomli dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi (tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) va 251−1-moddasi (kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.