Hukumatning 22 noyabrdagi tegishli qarori bilan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yollangan xodimlarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, endilikda YATTlar 5 nafargacha xodim yollashi mumkin. Bungacha faqatgina 1 nafardan 3 nafargacha xodim yollashga ruxsat berilgandi.

Nizomga muvofiq, YATT bank hisobvarag‘i ochganidan so‘ng xodim yollash huquqiga ega bo‘ladi. Buning uchun tadbirkor xodimni yollashda yozma mehnat shartnomasi tuzadi, biroq ular tomonidan mehnat daftarchasi yuritilmaydi.

Tadbirkor xodimini soliqda hisobga qo‘yish uchun arizani shartnoma tuzgan vaqtdan 3 ish kunidan kechikmay soliq organiga topshiradi. Soliq organi 1 ish kunida xodimning hisobga qo‘yilganligiga oid kartochkani taqdim qiladi. YATTlar xodim uchun daromad solig‘i va ijtimoiy soliq to‘laydi.

Shuningdek, YATT faoliyati vaqtinchalik yoki butunlay to‘xtatilsa soliq organiga yuborgan xabarnomasi asosida soliq hisoblanishi to‘xtatiladi.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoni bilan 2021 yil 1 oktabrdan YATT tomonidan soliq hisobotini topshirish majburiyati bekor qilindi.