Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘quvchilarining sumkalari Milliy gvardiya Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan tekshirilayotganligi va bu xatti-harakatlar noqonuniyligi haqida xabarlar tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan Milliy gvardiya axborot xizmati izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, 25 noyabr kuni taxminan soat 12:30 larda Yakkasaroy tumanida joylashgan “Do‘stlik” madaniyat va istirohat bog‘iga tashrif buyurgan mehmonlar, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari oddiy askarlar Z. M. va M. M. larga murojaat qilishgan. Murojaat o‘smirlarning jamoat joyida “bombochka portlatgani” haqidagi shikoyatdan iborat bo‘lgan.

Qayd etilishicha, harbiy xizmatchilar belgilangan joyga borib, u yerda 3 nafar voyaga yetmagan bolani ko‘rishgan. Ikki nafar 5-sinf o‘quvchilari A. Sh. va R. Sh. lar pirotexnika vositalarini keksalar va ayollar oldiga tashlagan.

Qo‘shimcha qilinishicha, o‘smirlardan biri harbiy xizmatchilarning pirotexnika vositalarini ularga topshirish talabiga bir quti “bombochka” bergan, ikkinchisi uni sumkasiga yashirgan. Sumka ichidagi pirotexnika vositalari olib qo‘yilayotgan vaqtda mazkur holat fuqarolar tomonidan tasvirga olinib, internetga joylanganligi aytildi.

Milliy gvardiya xabariga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185−1-moddasiga asosan, pirotexnika vositalaridan foydalanish huquqbuzarlik deb topilib, buning uchun huquqbuzarlik ashyolari musodara qilingan holda jarima solishga sabab bo‘ladi. Voyaga yetmagan shaxslarning ota-onalari voqea haqida zudlik bilan xabardor qilinganligi ta’kidlandi.

“Harbiy xizmatchilar “Milliy gvardiya to‘g‘risida"gi qonunining 26- (Milliy gvardiyaning huquqlari), 27-moddalariga (Milliy gvardiyaning majburiyatlari) asosan harakat qilgan. Ularning xatti-harakatlarida qonun buzilishi va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish holatlari kuzatilmagan”, — deyiladi xabarda.