Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida yashovchi 5 yoshli bola uyida chiroq soatlab o‘chayotgani bois mas’ullarga murojaat yo‘llab, yordam so‘radi. Bu haqda Daryo xabar berdi.

Qayd etilishicha, Yakkabog‘ tumanidagi nogironlar uchun mo‘ljallangan ko‘p qavatli uyda yashovchi besh yoshli Mirkomiljon yashash uyida elektr toki soatlab o‘chayotganini aytib, “Hokim buva, svetni yoqing, biz qiynalyapmiz, sovqotyapmiz”, degan.

Mirkomiljonning onasi Charos Ashurovaning aytishicha, ular yashayotgan ko‘p qavatli uyda kuniga uch-to‘rt soatlab elektr toki o‘chadi. Shu sabab elektr toki yordamida isitilishi mo‘ljallangan uylar sovib qolmoqda.

Yakkabog‘lik bloger Elmurod Odilovning Daryo muxbiriga ma’lum qilishicha, tumanda ayni kunda aholini elektr tarmog‘idan uzib qo‘yish holatlari ko‘paygan.

“Kuniga hech bo‘lmaganda ikki-uch soat svet bo‘lmaydi. Bu esa ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholiga noqulaylik tug‘dirmoqda. Ko‘p qavatli uylarda yashovchilar asosan elektr toki yordamida uyini isitadi, tok bilan choy qaynatib, tok bilan ovqat pishiradi. Svet o‘chdi, degani ular uchun hayot to‘xtadi, degani”, — deydi bloger Elmurod Odilov.

Tumanda yashovchi yana bir bloger-jurnalist O‘raljon Kamolovning aytishicha, Yakkabog‘dagi yana bir liniya mas’ullar tomonidan istalgan vaqtda o‘chirilmoqda.

“Bu liniyadan 14 dan ortiq qishloq aholisi foydalanadi”, — deydi muammo haqida gapirgan O‘raljon Kamolov.

Qashqadaryo “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati 20 noyabr kuni viloyatning G‘uzor, Dehqonobod, Qamashi, Chiroqchi, Shahrisabz Yakkabog‘, Kitob, Nishon, Muborak tumanlari va Shahrisabz shahri uchun milliy elektr tarmoqlari AJ tomonidan soat 17:18 dan elektr ta’minotida cheklovlar joriy qilinganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, bugun 22 noyabr kuni Qarshi, Muborak va Kasbi tumanlarining bir qator mahallalarida “ta'mirlash ishlari olib borilishi sabab” elektr ta’minotida uzilish bo‘lishi haqida xabar bergan.