2022 yilda ish haqi, pensiya, stipendiya, nafaqalar miqdorlari oshiriladi. Bu haqda Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan 2022 yil uchun davlat budjeti loyihasida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, kelgusi yilda davlat qarzlarini so‘ndirish xarajatlari 10 trln so‘mdan ortiq, shu jumladan, davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha foiz to‘lovlari uchun xarajatlar 4 trln so‘mdan ortiq bo‘lishi kutilmoqda.

Shuningdek, 2022 yilda ish haqi, pensiya, stipendiya, nafaqalar miqdorlarini va ayrim xizmat turlari bo‘yicha tariflarni oshirish bilan bog‘liq xarajatlarga 11,7 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Pensiya jamg‘armasiga transfertlar uchun 14 trln so‘m, ta’lim kreditlarini moliyalashtirishga 1 trln so‘m, Davlat tibbiyot sug‘urtasi jamg‘armasi xarajatlari uchun 600 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish uchun xarajatlarga 1,7 trln so‘m yo‘naltiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 avgust kuni «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida»gi farmonni imzolagan edi. Unga ko‘ra, 1 sentabridan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori 1,1 barobarga oshirilishi belgilangandi.