6 noyabr kuni Navoiyda avtohalokat oqibatida 8 kishi halok bo‘ldi. Ularning 3 nafari Xalq bankining Nurota filiali xodimlari ekani aytilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, voqea Navoiy-Nurota yo‘lida qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan ikki Nexia avtomobillari to‘qnashishi oqibatida sodir bo‘lgan. Mashinalarning bittasi yo‘l chetiga ag‘darilgan, ikkinchisi esa yonib ketgan.

Avtohalokatda Xalq banki Nurota tuman filialining boshqaruvchisi, 29 yoshli Temurmalik Pirmatov, bosh hisobchisi, 40 yoshli Muzaffar Saidov hamda monitoring bo‘limi boshlig‘i, 32 yoshli Yunusjon Ravshanov voqea joyida vafot etgan. Bundan tashqari, yonib ketgan mashinadagi 5 kishi ham voqea joyida halok bo‘lgan.

Shuningdek, 4 noyabr kuni soat 13:30 larda Navoiy viloyati, Konimex tumni hududidan o‘tuvchi A-379 avtomobil yo‘lida ham YTH sodir bo‘ldi.

Haydovchi 1985 y.t. U.T. boshqaruvidagi Captiva rusumli hamda haydovchi 1962 y.t. M.E. boshqaruvidagi Nexia rusumli va haydovchi 1984 y.t. A.T. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtmobillari to‘qnashgan. Ushbu hodisaga qum bo‘roni ko‘rinishni cheklaganligi va oraliq masofa saqlanmaganligi sabab bo‘lgan.

Natijada, Cobalt rusumli avtomobilda bo‘lgan yo‘lovchi olgan og‘ir tan jarohatlari tufayli voqea joyida vafot etgan.

Mazkur YTH yuzasidan Konimex tumani IIB huzuridagi TB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.