Gulistonda Milliy gvardiya xodimlari 3 nafar bolani is gazi zaharlanishidan saqlab qoldi, deya xabar bermoqda Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi axborot xizmatiga tayanib “Sirdaryo xabarlari”.

Ma’lum qilinishicha, 29 oktabr kuni Guliston shahar “Bo‘ston” mahallasi 61-uyda istiqomat qiluvchi A. O. tomonidan Sirdaryo viloyati bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi navbatchilik qismiga o‘zi istiqomat qiluvchi xonadon eshigi qulfligi, uydagi uch nafar farzandi javob bermayotganligi yuzasidan murojaat kelib tushgan.

Foto: “Sirdaryo xabarlari”

Murojaatga ko‘ra, tezkor guruh ko‘p qavatli uylar binosiga yetib borgan. Harbiy xizmatchilar tomonidan ko‘p qavatli uyning deraza qismidan kirish orqali xonadonda is gazi aniqlanib, zaxarlanish oqibatida karaxt xolda bo‘lgan uch nafar bolalarga birinchi tez yordam ko‘rsatilgan.

“Xavf bartaraf etilgan holda bolakaylar onasi bag‘riga sog‘-salomat topshirildi”, — deyiladi xabarda.