Samarqand viloyatida oktabr oyining boshidan buyon 128 ta aholi uylarida turli ko‘lamli yong‘inlar sodir bo‘lgan. Bu haqda Past Darg‘om tumani hokimligida o‘tkazilgan brifingda FVB vakili Sirojiddin Abdullayev ma’lum qildi.

Ushbu holatlar natijasida 3 kishi kuyish jarohatlarini olgan. Yong‘inlarga isitish vositalarining nazoratsiz qoldirilishi, yosh bolalarning sho‘xligi, elektr tarmoqlaridagi nosozlik va boshqa holatlar sabab bo‘lgan.

Shuningdek, havo-gaz aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq ikkita holat qayd etilgan. Oqibatda 3 kishi turli darajadagi tan-jarohatlari olib, tibbiyot muassasalariga murojaat qilishgan.

Bundan tashqari Samarqand viloyatida 10 kun ichida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq 4 ta holat qayd etilgan. Viloyatda is gazidan zaharlanish oqibatida 8 kishi vafot etgan va 1 kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Halok bo‘lgan 8 nafardan 5 nafari voyaga yetmagan bolalardir.

Holat yuzasidan olib borilgan o‘rganishlarda tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan qo‘lbola isitish pechining tutun chiqarish mo‘risi tozalanmasdan, kechasi pechni yoqib uxlash oqibatida zaharlanish va o‘lim holati yuzaga kelgani ma’lum bo‘lgan.

Ikkita holatda isitish pechining mo‘risidan bahor, yoz davrida in qurgan qushlarning uyasi chiqqan bo‘lsa, boshqa holatda mo‘ri ichiga qushlarning uy qurmasligi uchun latta tiqib qo‘yib, uni olib tashlamasdan, isitish pechidan foydalanilgani aniqlangan. Oqibatda barcha zaharli gazlar xona ichiga to‘planib, fuqarolarning o‘limiga sabab bo‘lgan.

“Gazeta.uz” oktabr oyi avvalida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahridagi uylarning birida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lgani haqida yozgan edi. Hodisa oqibatida bir kishi jarohat olib, shifoxonaga yuborilgan.