Lukashenko Belarus konstitutsiyasi avtoritar xarakterga egaligini ta’kidladi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko amaldagi mamlakat konstitutsiyasi avtoritar, chunki unda prezidentlik vakolatlari juda keng, shuning uchun bundan keyingilari «yanada demokratik» bo‘ladi, degan fikrni bildirdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

«Bundan keyingi har qanday konstitutsiya amaldagisidan „kuchsizroq“, hozirgisidan ko‘ra „demokratikroq“ bo‘ladi», — deya ta’kidladi Lukashenko.

Belarus davlati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hokimiyat o‘rtasida konstitutsiyaviy darajadagi vakolatlarni qayta taqsimlash vaqti keldi. Ularning vazifalari va mas’uliyat doiralari tarqatilishi kerak, lekin mamlakat bundan keyin ham prezidentlik respublikasi bo‘lib qolishi kerak. Uning ta’kidlashicha, belarusliklarning aksariyati ham buni qo‘llab-quvvatlaydi. Prezident yangi konstitutsiya loyihasi Belarus fuqarolarining konstruktiv fikrlarini hisobga olgan holda ishlab chiqilishi kerakligini ta’kidladi.


Janubiy Koreya o‘zining ilk fazoviy raketasini koinotga uchirdi

Janubiy Koreya o‘zining birinchi kosmik raketasi «Nuri»ni fazoga uchirdi. Biroq bu raketa orbitaga 1,5 tonnalik sun’iy yo‘ldoshni chiqara olmadi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar berdi.

200 tonnalik KSLV-II raketasi Seuldan 473 kilometr janubda, Venarodo orolidagi Naro kosmodromidan mahalliy vaqt bilan 17:00 da (Toshkent vaqti bilan 13:00 da) uchirildi. Parvoz taxminan 16 daqiqa davom etdi.

Raketa oldindan belgilangan 700 kilometr balandlikka ko‘tarildi, lekin sun’iy yo‘ldosh maketini orbitaga chiqara olmadi, dedi Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In. Janubiy Koreya fan va texnologiyalar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, raketaning dastlabki ikki qismi odatdagidek ajralib chiqqan, uchinchisi esa rejalashtirilganidan 50 soniya oldin yonib ketgan.

««Nuri»ning sinov parvozi yakunlandi. Men bundan faxrlanaman. Afsuski, biz asosiy maqsadga yetolmadik, lekin biz ilk tajriba uchun juda yaxshi natijaga erishdik», — dedi Janubiy Koreya prezidenti. Shuningdek, «Nuri»ning navbatdagi parvozi 2022 yilga rejalashtirilgani ma’lum qilindi.


Latviyada 15 noyabrgacha qat’iy karantin cheklovlari joriy qilindi

Latviya hukumati chorshanba kuni navbatdan tashqari yig‘ilishida 21 oktabrdan 15 noyabrgacha amal qiladigan koronavirus bilan kasallanishning oldini olish uchun qat’iy karantin cheklovlarini joriy etishga qaror qildi. Bu davrda do‘konlar faoliyati to‘xtatiladi, eng zarur tovar do‘konlari bundan mustasno va faqat eng zarur xizmatlar ko‘rsatiladi. Karantin paytida sog‘liqni saqlash tizimi qulashining oldini olish uchun turli oilalardagi odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qilishni iloji boricha cheklash uchun mo‘ljallangan talablar kiritiladi.

Odamlarning shaxsiy tadbirlarda to‘planishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yashash joyidan soat 20:00 dan 5:00 gacha chiqib ketish taqiqlanadi (ish majburiyatlarini bajarish zarur bo‘lgan hollar bundan mustasno). Ta’lim muassasalari koronavirus tarqalishining muhim qismi ekanligini hisobga olib, maktablarda kunduzgi ta’lim vaqtincha to‘xtatiladi. Darslar asta-sekin 1 noyabrdan keyin davom etishi rejalashtirilgan, maktablarga birinchi sinf, ikkinchi va uchinchi sinf o‘quvchilari birinchi bo‘lib qaytishadi.

Bolalar bog‘chalarida faqat ota-onalari ishlarda to‘la-to‘kis ishlaydigan bolalar uchun navbatchi guruhlar ishini saqlab qolish rejalashtirilgan. Oliy, o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni masofadan turib amalga oshirilishi kerak. 21 oktabrdan 15 noyabrgacha barcha shaxsiy tadbirlar, bir nechta xonadonlar o‘rtasida uyushtirilgan yig‘ilishlar va shunga o‘xshash tadbirlar o‘tkazilishi taqiqlanadi. Hayotiy ahamiyatga ega bo‘lmagan xizmatlarni ko‘rsatish to‘xtatiladi — Interfaks.

Shuningdek:

  • Rossiyada Moskva hukumati 28 oktabrdan 7 noyabrgacha lokdaun e’lon qildi. Bu davrda faqat dorixonalar va zarur tovarlarga ega do‘konlar ochiladi. Bolalar bog‘chalari va maktablarda ta’til e’lon qilinadi. Qo‘shimcha ta’lim tashkilotlari, sport maktablari, bolalar to‘garaklari va seksiyalari ishi to‘xtatildi. Oliy o‘quv yurtlari faqat masofaviy formatda ishlashlari mumkin bo‘ladi — BBC.

Donald Tramp o‘zining shaxsiy ijtimoiy tarmog‘ini yaratmoqchi

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp Trump Media & Technology Group (TMTG) tashkil etilganini e’lon qildi. Bu media guruh birinchi navbatda «TRUTH social» deb nomlanuvchi yangi ijtimoiy tarmoq yaratish ustida ish olib boradi. Bu haqda TASS xabar berdi.

«TMTG'ning vazifasi — liberal media konsorsiumiga raqib yaratish va Amerikaning muxolifat ovozlarini jim qilish uchun monopol hokimiyatdan foydalangan Kremniy vodiysi texnologik kompaniyalariga qarshi kurashishdan iborat. TMTG tez orada „TRUTH social“ ijtimoiy tarmog‘ini ishga tushiradi», — deyiladi xabarda kompaniya bayonotida. TMTG allaqachon NASDAQ elektron birjasida ro‘yxatga olingan. O‘z navbatida, ijtimoiy tarmoq uchun arizani App Store’da oldindan buyurtma qilish mumkin, beta-sinov joriy yilning noyabr oyida boshlanishi kutilmoqda. Ilovani ishga tushirish 2022 yilning birinchi choragiga rejalashtirilgan.

«Men texnologiya gigantlari zulmiga qarshi kurashish uchun 'TRUTH social' va TMTG’ni yaratdim. „Tolibon“ jangarilarining Twitter’da akkaunlari bor. Lekin bu ijtimoiy tarmoqda sizning sevimli Amerika prezidentingizning ovozi o‘chirilgan. Buni qabul qilish mumkin emas», — deya ta’kidladi Donald Tramp.


Turk lirasi rekord darajada qadrsizlandi

Turkiya Markaziy banki asosiy foiz stavkasini ikki foizga pasaytirishga qaror qildi va asosiy stavka yillik 18 foizdan 16 foizga tushirildi. Natijada, 21 oktabr holatiga ko‘ra, 1 AQSh dollarining qiymati 9,43 liraga ko‘tarildi. Turkiya Markaziy bankining pul-kredit siyosati qo‘mitasi asosiy stavkani pasaytirish qarori mamlakatdagi iqtisodiy jarayonlar va jahon iqtisodiyotining tahlili asosida qabul qilinganini ma’lum qildi. Bu haqda Gazeta.ru xabar berdi.