Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga safarini Karmana tumanidan boshladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bugun Karmana tumanida «yashil energetika»ga o‘tish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lmish quvvati 100 megaVatt bo‘lgan zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilmoqda.

«Avvalo, ushbu loyiha doirasida qisqa muddatda — bir yarim yil ichida katta hajmdagi ishlar bajarilganini ta’kidlash lozim. Xususan, 110 mln dollar investitsiyalar o‘zlashtirilib, 300 mingta quyosh panellari o‘rnatilgani chindan ham sanoatimiz tarixida juda katta voqeadir», — deydi prezident.

Ta’kidlanishicha, u yerda yiliga 252 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning hisobidan 80 mln kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna bug‘lanuvchi gazlar chiqishining oldi olinadi.

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda quyosh stansiyalarini qurish orqali jami 600 mlrd kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Bu respublikning bugungi kunda energiyaga bo‘lgan jami ehtiyojidan 8 barobar ko‘p.

2030 yilga borib quyosh elektr stansiyalari quvvatini kamida 5 ming, shamol elektr stansiyalari bo‘yicha esa 3 ming mVtga yetkazish reja qilingan.

Jumladan quyidagi quvvatlar foydalanishga topshiriladi:

  • joriy yil yakuniga qadar Samarqandda quvvati 100 mVt bo‘lgan yana bitta quyosh stansiyasi;
  • kelgusi ikki yilda Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Xorazm, Surxondaryo va Qashqadaryoda umumiy quvvati 2 ming 100 mVt bo‘lgan 9 ta quyosh stansiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlarida esa 1 ming 600 mVt quvvatga ega bo‘lgan 4 ta shamol elektr stansiyasi.

Shavkat Mirziyoyev yangi stansiya O‘zbekiston tarixida ilk bor xususiy investor tomonidan qurilgan elektr stansiyasi ekaniga e’tibor qaratdi.

«Biz energetika sohasida tub islohotlarni boshladik. Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishni o‘zida jamlagan monopol davlat kompaniyasi o‘rniga bir-biridan mustaqil 4 ta kompaniya tashkil etildi», — deya qo‘shimcha qiladi davlat rahbari.

Aytilishicha, 2025 yilgacha O‘zbekistonda kamida 50 foiz elektr energiyasini xususiy elektr stansiyalarida ishlab chiqarish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib beriladi.

Xabarga ko‘ra, ushbu loyiha Birlashgan Arab Amirligining Masdar kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, bu xorijiy davlat kompaniyalari bilan hamkorlikdagi ayni paytdagi eng yirik loyihadir.

Davlat rahbari Amirliklar bilan o‘zaro hamkorlik yildan-yilga kengayib, yangi bosqichga ko‘tarilib borayotganini alohida ta’kidladi.

Birgina energetika sohasida umumiy qiymati qariyb 1,5 mlrd dollar bo‘lgan 1 ming 700 mVt li 6 ta loyihaни amalga oshirish boshlangan.

Jumladan, Navoiy viloyatining o‘zida 2023 yilda Masdar kompaniyasi bilan hamkorlikda 500 mVt li shamol stansiyasi va Phanes group ishtirokida 200 mVt li quyosh stansiyasi barpo etiladi.