20 avgust kuni O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi va AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Agrobiznesni rivojlantirish dasturi orqali qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga ko‘maklashish uchun o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan o‘zaro Anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi va USAID`ning bayonotida aytilmoqda.

Anglashuv memorandumini imzolash marosimida qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev AQSh elchixonasining muvaqqat ishonchli vakili Pol Politis hamda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit ishtirok etdi.

USAIDning 18,9 mln AQSh dollariga baholangan 2020 yilda yo‘lga qo‘yilgan loyihasi 5 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, agrobiznesni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarni kuchaytirishga va avvalgi «Qishloq xo‘jaligidagi qo‘shilgan qiymat zanjiri» loyihasi yutuqlarini kengaytirishga yo‘naltirilgan.

Loyiha qishloq ayollarining axborot texnologiyalari borasidagi va tadbirkorlik ko‘nikmalarini takomillashtirish, ularga tijorat korxonalarini ochish va mahalliy korxonalarga rasmiy ishga joylashishlariga ko‘maklashishga qaratilgan. Loyiha doirasida butun O‘zbekiston bo‘ylab qishloq xo‘jaligi xususiy korxonalarining innovatsion g‘oyalarini birgalikda moliyalashtiradigan Agrobiznesni rivojlantirish jamg‘armasi o‘z faoliyatini boshlagan.

Tadbir davomida USAID O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 1 mln AQSh dollari ajratishini ma’lum qildi. Ushbu mablag‘lar qishloq ayollarining axborot texnologiyalari borasidagi va tadbirkorlik ko‘nikmalarini takomillashtirish, ularga tijorat korxonalarini ochish va mahalliy korxonalarga rasmiy ishga joylashishlariga ko‘maklashish uchun tasarruf etiladi.


«Biz AQSh hukumatining qishloq xo‘jaligiga texnik yordam ko‘rsatish, agro-oziq-ovqat tizimlarining ishlab chiqarish va sotish zanjirlari salohiyatini rivojlantirish borasidagi ko‘magini juda qadrlaymiz. Biz qishloq xo‘jaligida davlat boshqaruvining zamonaviy tizimini va qulay agrobiznes muhitini yaratishga intilmoqdamiz», — dedi Jamshid Xodjayev.

«O‘n yildan ziyod vaqt mobaynida USAID O‘zbekiston hukumati va xususiy sektori bilan yuqori qiymatli tovarlarni yaratish maqsadida qishloq xo‘jaligini diversifikatsiyalash bo‘yicha hamkorlik qilib kelmoqda, — dedi USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit. — Ushbu kelishuv mamlakatda olib borilayotgan hamkorlikdagi faoliyatimizni yanada mustahkamlaydi va o‘zbekistonlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga chakana savdoda, mahalliy hamda xalqaro bozorlarga chiqishda raqobatbardoshlikni oshirishga yordam beradi».