Bosh vazir Abdulla Aripov 20 avgust kuni Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimchcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga imzo chekdi.

Hujjatda Jurabek Laboratories kompaniyasi Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Xitoy kompaniyasi bilan ZF-UZ-VAC-2001 vaksinasini O‘zbekistonda ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishgani qayd etilgan. Dastlabki bosqichda xitoylik hamkorlar vaksina substansiyasini yetkazib berish masalasini ko‘rib chiqayotgani aytilgan.

Bundan tashqari, Jurabek Laboratories Rossiya kompaniyasi bilan «Sputnik V» vaksinasini O‘zbekistonda ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga ham erishgan. Uning ham dastlabki bosqichda substansiyasi Rossiya tomonidan yetkazib berilishi ma’lum qilingan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Hukumat SSV va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi taklifiga binoan Jurabek Laboratories kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan ZF-UZ-VAC 2001 va «Sputnik V» vaksinalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga ruxsat berdi. Istisno tariqasida ishlab chiqarish jarayonlariga doir teznik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, vaksinalarni substansiyalari va «in bulk» ishlab chiqaruvchilarining klinik oldi va klinik tadqiqotlari ijobiy xulosalarini tan olinmoqda.

Shu bilan birga, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining «Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi» DUKga kompaniya tomonidan ishlab chiqariladigan vaksinalarning laboratoriya sinovlari va ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlari ekspertizasi besh ish kunida amalga oshirishni ta’minlash vazifasi yuklatilmoqda.