Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan 6−14 iyul kunlari Qashqadaryo viloyatida davlat xaridlarini amalga oshirish holatlari o‘rganildi. Bu haqda agentlik axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, o‘rganishlar davomida «dxarid.uz» axborot portaliga joylashtirilgan davlat xaridlariga oid amaldagi e’lonlar bo‘yicha 32 ta holatda 10,4 mlrd so‘mlik ish va xizmatlar hali shartnomalar tuzilmasdan, e’lon muddati tugamasdan turib, pudratchilar tomonidan boshlab yuborilganligi, ba’zi ishlarni 100 foiz bajarilganligi holatlari aniqlangan.

Jumladan:

  • Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasida 12 ta holatda 5 mlrd 958,1 mln so‘mlik;
  • Kitob tumani Tibbiyot birlashmasida 5 ta holatda 1 mlrd 152 mln so‘mlik;
  • Nishon tumani xalq ta’limi bo‘limida 4 ta holatda 574 mln so‘mlik;
  • Shahrisabz tumani Axborot kutubxona markazida 1 ta holatda 553,7 mln so‘mlik;
  • Mirishkor tumani Obodonlashtirish boshqarmasida 2 ta holatda 527,6 mln so‘mlik ishlar shartnomalar tuzilmasdan bajarib yuborilganligi va ayrimlarida ishlar to‘liq bajarilganligi aniqlandi.

Qarshi tumani

Qarshi tumani Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i S. U. tomonidan «Davlat xaridlari to‘g‘risida» gi qonunning 19-moddasi (Davlat buyurtmachilari) buzilgan holda o‘zining singlisi S. Sh. ta’sischiligidagi T.G.K. fermer xo‘jaligi bilan 149,1 mln so‘mlik gul ko‘chatlarini o‘tkazish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan mablag‘dan 27,1 mln so‘m asossiz xarajatlar hisobotga kiritilib, ortiqcha mablag‘ olinishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Shahrisabz tumani

Shahrisabz tuman Obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachiligidagi «Obod qishloq» dasturi asosida 2 ta mahallada piyodalar yo‘lagi qurish va tungi yoritish chiroqlarini o‘rnatishda U.M. MCHJ tomonidan 67 mln so‘mlik haqiqatda bajarilmagan ishlar qo‘shib yozilganligi va smeta xujjatlariga materiallar narxlari asossiz oshirib ko‘rsatilganligi aniqlandi.

Qashqadaryo viloyati

Respublika ixtisoslashtirilgan Narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo viloyat mintaqaviy filialida 2 dona tibbiy apparatdan 250 mln so‘mlik kamomad mavjudligi ma’lum bo‘ldi.

Kitob tumani

Kitob tumanida joylashgan Qashqadaryo viloyat 2-son asab-ruhiy kasalliklar dispanserida Mobile X-Ray RU-510-rusumli bir dona rentgen apparatidan 582,8 mln so‘mlik kamomad mavjudligi aniqlandi.

Mazkur dispanserga yangi olib kelingan tibbiy apparat solingan katta hajmli quti xolislar, guvohlar ishtirokida ochib ko‘rilgan. Natijada uning ichida Mobile X-Ray RU-510 rusumli rentgen apparati mavjud emasligi, uning o‘rniga qog‘oz quti bilan o‘ralgan qizil rangdagi eski temir buyum (eski isitish qozoniga o‘xshash metall) turganligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, xalq ta’limi tizimi tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganishlarda, Qarshi va Shahrisabz shaharlarida, Qamashi, G‘uzor, Dehqonobod, Mirishkor, Kasbi, Koson, Kitob, Nishon, Yakkabog‘ va Qarshi tumanlarida qonunbuzilishi holatlari aniqlangan.

Ya’ni, elektron do‘kon (milliy do‘kon) va elektron auksionlar orqali 2020 va 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida «Davlat xaridlari to‘g‘risida» gi qonunning 40- (Muzokaralar olib borishni taqiqlash) va 43-moddalariga (G‘olib bo‘lgan taklifning aksepti hamda aksept uchun asoslar) zid ravishda, davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatga asoslangan usullarini chetlab o‘tish maqsadida davlat xaridlari hajmini qismlarga bo‘lib tashlash holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

O‘rganishlar davomida xalq ta’limi bo‘limlarining 932 ta 3,5 mlrd so‘mlik shartnomalari bo‘yicha davlat xaridlari hajmini qismlarga bo‘lib tashlab, noqonuniy ravishda shartnomalar tuzilganligi ma’lum bo‘ldi.

Yuqorida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilish uchun tegishli materiallar Bosh prokuraturaga yuborilgan.