«Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2021−2022 o‘quv yilidan O‘zbekistondagi xorijiy OTM va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga to‘lov-kontrakt summasini qoplash uchun subsidiya to‘lanadi.

Quyidagilarga test sinovlarisiz va qo‘shimcha imtihonlarsiz o‘qishga kirish huquqi beriladi:

  • Prezident maktablari bitiruvchilariga davlat oliy ta’lim tashkilotlariga umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlariga nisbatan qo‘shimcha davlat granti asosida;
  • Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarning bitiruvchilariga ixtisoslik yo‘nalishidan kelib chiqib davlat oliy ta’lim tashkilotlarining kimyo, biologiya, fizika va axborot texnologiyalari sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy belgilangan qabul parametrlaridan tashqari bazaviy to‘lov-kontrakt asosida;
  • Agentlik tizimidagi ijod maktablarining bitiruvchilariga ixtisoslik yo‘nalishidan kelib chiqib davlat oliy ta’lim tashkilotlarining tilshunoslik, adabiyot, pedagogika, tarjimonlik, jurnalistika sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga umumiy belgilangan qabul parametrlaridan tashqari bazaviy to‘lov-kontrakt asosida.

Bundan tashqari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi — Prezident ta’lim muassasalari agentligi etib qayta nomlandi.

2021−2025 yillarda agentlik tizimida 13 ta yangi ixtisoslashtirilgan maktab quriladi va 5 ta ijod maktabi ta’mirlanadi.

2021 yil 1 sentyabrgacha agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarda alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv IT ta’lim joriy qilinadi.

Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomidagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil etiladi.