Ayni kunlarda Vengriyaning Budapesht shahrida sport kurashlari bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, musobaqada ishtirok etayotgan yosh polvonlar hozircha 5 ta medalni qo‘lga kiritishdi.

Erkin kurash bo‘yicha -60 kg vazn toifasida ishtirok etgan Kamronbek Qadamov barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. -51 kgda kurashgan Nodirbek Jumanazarov esa kumush medal bilan taqdirlandi.

Shuningdek, yana bir erkin kurashchi Umidjon Iskandarov (-45 kg), qizlardan Elmeken Esenbayeva (-61 kg) va Xurshida Kasimova (-65 kg) bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.

“Hozirda yunon-kurashchilar medallar uchun kurashni davom ettirishmoqda”, — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.