«Tolibon» harakati Afg‘oniston hukumatiga uch oylik muddatga o‘t ochishni to‘xtatish taklifi bilan murojaat qildi. Bu haqda payshanba kuni Afg‘oniston hukumat delegatsiyasi a’zosi Nader Naderi Dohada (Qatar) toliblar bilan muzokaralarda ma’lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.

Nader Naderining so‘zlariga ko‘ra, buning evaziga «Tolibon» harakati vakillari ilgari qo‘lga olingan 7000 jangarilarni ozod etishni talab qilishgan.

«Toliblar uch oylik sulh taklif qildi, ammo evaziga Afg‘oniston hukumatidan o‘z tarafdorlari orasidan 7000 mahbusni ozod etishni talab qildi. Bu jiddiy talab, 5 ming tolibning qamoqdan ozod qilinishi vaziyatni yaxshilamagani va hattoki eskalatsiyaga olib kelganini ko‘rganmiz», — deya Pajhwok axborot agentligi Naderining Kobuldagi matbuot anjumanidan so‘zlarini keltiradi.

Matbuot anjumani payshanba kuni Kobulda 11 afg‘on siyosatchisidan iborat delegatsiya ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya keyinchalik Doxada olib boriladigan muzokaralarga jo‘naydi.

O‘tgan yilning sentabr oyidan buyon davom etayotgan ushbu maslahatlashuvlar bir necha bor to‘xtatilgan va yaqinda qayta tiklangan. Hozircha ular mutaxassislar darajasida, jumladan, Naderi darajasida olib borilmoqda. Doxada boshidanoq kelajakdagi tinchlik muzokaralari bo‘yicha kun tartibini muhokama qilishdan nariga o‘tilmagan. Hozirda olib borilayotgan muhokamalar haligacha dastlabki deb hisoblanadi.

Dohadagi uchrashuvda Kobul delegatsiyasiga, xususan, Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay va Afg‘oniston Milliy yarashuv bo‘yicha Oliy Kengashining raisi Abdulla Abdulla kirishi taxmin qilinmoqda. Toliblar delegatsiyasiga ularning asosiy muzokarachisi Abdul G‘ani Baradar rahbarlik qiladi.