29−30 iyun kunlari Botanika bog‘ida Yoshlar va talabalar forumi bo‘lib o‘tdi. Forumning ikkinchi kunida prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashdi.

Rost24 nashri Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayevning forumning birinchi kunida bergan intervyusida «tadbir qatnashchilari koronavirusga qarshi vaksinatsiya qilingan» degan so‘zlarini keltirib, ma’lumotni noto‘g‘ri, deya ta’kidlangan.

Yoshlar ishlari agentligi «Gazeta.uz»ga ushbu holat yuzasidan ma’lumot berdi.

«Forumning tashkil qilinishi ancha oldin tasdiqlangan va ishtirokchilar vaksinatsiya qilinishi belgilangan, lekin emlashdan so‘ng ayrim holatlarda inson organizmida tana haroratining ko‘tarilishini inobatga olib, vaksinatsiya jarayonlari o‘tkazilmagan. Intervyu jarayonida mazkur ma’lumot hali tasdiqlanmanganligi uchun javob tushunmovchiliklarga olib kelgan», — deyiladi bayonotda.

Agentlikning ma’lum qilishicha, tadbirda qatnashish uchun uzoq hududlardan kelgan yoshlarga qulaylik yaratish maqsadida, forumning barcha ishtirokchilari bog‘ga kirish eshiklari oldida katta maydonda bepul PZR testidan o‘tkazilgan.

«Ta’kidlash lozimki, 29−30 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan Yoshlar va talabalar forumi xavfsiz sharoitda tashkil qilindi», — deya xulosa qiladi agentlik.