1 iyul kuni Vashingtonda AQSh davlat kotibi Entoni J. Blinken O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda AQSh Davlat departamenti.

Davlat kotibi AQShning O‘zbekiston bilan strategik sherikligini chuqurlashtirish istagini bildirdi va bu yil ikki mamlakat diplomatik munosabatlarining 30 yilligi nishonlanishini ta’kidladi.

AQSh davlat kotibi «O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni, shu jumladan inson huquqlari va demokratiyani mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi», deyiladi xabarda.

O‘zbekistonning Markaziy Osiyo doirasidagi munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha tashabbuslari yuqori baholanib, ikki mamlakatning C5 + 1 mintaqaviy diplomatik platformasi orqali faol hamkorligi ta’kidlab o‘tildi.

Kotib tashqi ishlar vaziriga O‘zbekistonning Afg‘onistonda adolatli va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatilishini doimiy qo‘llab-quvvatlashi uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, u O‘zbekistonning mintaqaviy aloqalari, shu jumladan Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘ylab farovonlik va ravnaqni qo‘llab-quvvatlovchi yo‘llar orqali Afg‘oniston bilan yaqinroq siyosiy va iqtisodiy hamkorlikka e’tiborini olqishladi.