Ikki oy ichida 100 mlrd so‘m miqdoridagi davlat xaridlari tanlovlarida qonun buzilgan, deya xabar bermoqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, agentlik tomonidan davlat xaridlariga oid (may-iyun oylaridagi joriy) e’lonlar bo‘yicha o‘tkazilgan masofaviy monitoringda byudjet buyurtmachilari tomonidan qiymati 101,5 mlrd. so‘mlik 324 ta tanlovda «Davlat xaridlari to‘g‘risida«gi va «Raqobat to‘g‘risida«gi qonunlarning talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, Andijonda 20,0 mlrd so‘mlik (51 ta), Samarqandda 12,8 mlrd so‘mlik (52 ta), Jizzaxda 8,3 mlrd so‘mlik (20 ta), Buxoroda 7,3 mlrd so‘mlik (33 ta), Qashqadaryoda 7,2 mlrd so‘mlik (20 ta), Surxondaryoda 7,9 mlrd so‘mlik (30 ta), Xorazmda 5,3 mlrd so‘mlik (18 ta), Navoiyda 5,2 mlrd so‘mlik (16 ta), Namanganda 2,6 mlrd so‘mlik (11 ta), Farg‘onada 2 mlrd so‘mlik (10 ta), Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3,4 mlrd so‘mlik (11 ta) va Toshkent shahrida 19,5 mlrd so‘mlik (51 ta) tanlovlar bo‘yicha davlat xaridlariga oid qonunchilik talablari buzilgan.

Shuningdek, xabarga ko‘ra, davlat xaridlariga oid qonunchilik talablari buzilgan tanlovlardan 72 tasi (24,6 mlrd) tuman (shahar) hokimliklari, 71 tasi (20,9 mlrd) Xalq ta’limi vazirligi, 61 tasi (17,9 mlrd) Sog‘liqni saqlash vazirligi, 33 tasi (11,1 mlrd) Maktabgacha ta’lim vazirligi, 24 tasi (7,9 mlrd) Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, 9 tasi (3,6 mlrd) Suv xo‘jaligi vazirligi va qolgan 54 tasi (15,5 mlrd) boshqa vazirlik va idoralar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Monitoring yakunlari bo‘yicha byudjet buyurtmachilari tomonidan e’lon qilingan 101,5 mlrd so‘mlik 324 ta tanlovni bekor qilish haqida vazirlik va idoralarga 268 ta taqdimnoma kiritilgan.