AQSh prezidenti Jo Bayden administratsiyasi global vaksina yetishmovchiligi muammosini hal qilish maqsadida bir yil ichida 500 mln doza Pfizer-BioNTech koronavirusga qarshi vaksinasini sotib olishni va 100 ta mamlakatga tarqatishni rejalashtirgan, deya xabar bermoqda New York Times.

«Biz COVID-19 ni nafaqat o‘z mamlakatimizda, balki hamma joyda tugatishimiz kerak», − dedi Jo Bayden. «Bizni ushbu pandemiyadan yoki biz duch keladigan keyingi biologik tahdidlardan himoya qiladigan darajada baland devor yo‘q. Buning uchun ko‘p tomonlama kelishilgan harakatlarni amalga oshirishimiz zarur», − dedi u.

Xabar berilishicha, AQSh Pfizer vaksinasini «notijoriy» narxlarda sotib oladi va yil oxirigacha uning 200 mln dozasi mamlakatlarga taqsimlab tarqatiladi. Keyingi yilning iyun oyigacha esa yana 300 mln doza vaksina COVAX xalqaro vaksinalarni yetkazib berish dasturi orqali taqsimlanadi va tarqatiladi.

Jo Bayden hozirda NATO va Yettilar guruhi (G7) sammitlarida qatnashish maqsadida Yevropa bo‘yicha rejalashtirilgan bir haftalik safarda bo‘lib turibdi. AQSh prezidenti, shuningdek, Jeneva shahrida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham uchrashishni reja qilgan. Jo Bayden ushbu safarda boshqa mamlakatlarni ham vaksinalarni keng tarqatishda ishtirok etishga chaqirishni maqsad qilgan, deyiladi New York Times xabarida.