O‘zbekistonda erta turmush qaysi hududlarda va qancha qayd etilayotgani ma’lum qilindi. Bu haqda «Mahalla va oila» ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari Hamid Abdurahmonov AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda xabar berdi.

Davlar statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda 88 ta erta nikoh holati qayd etilib, 2019 yilga nisbatan ko‘rsatkich 97 foizga kamaygan.

Buning asosiy sabablaridan biri 2019 yil 1 sentyabrdan erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi tenglashtirilgani, tuman, shahar xokimi tomonidan nikoh yoshini 1 yilga kamaytirishga ruxsat berilgan nikohlar qayd etilganligi bilan izohlandi.

«Lekin amaliyot aksariyat holatlarda erta nikoh yashirin tusga egaligini ko‘rsatishini unutmasligimiz darkor», — deydi Hamid Abdurahmonov.

Ta’kidlanishicha, erta nikoh holatlari respublikaning barcha hududlarida tarqalmagan, asosan Urgut, Samarqand, Pastdarg‘om, Kattaqo‘rg‘on, Denov, Shahrixon tumanlari hamda Namangan, Samarqand va Andijon shaharlarida ko‘p qayd etilgan.

Ma’lum qilinishicha, 2020 yilda 1044 ta erta tug‘ruq holati qayd etilgan bo‘lib, 2019 yilga nisbatan 12,7 foizga kamaygan. «Hududlar kesimida erta tug‘ruqlarning 43,1 foizi Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari ulushiga to‘g‘ri keladi», — deydi Abdurahmonov.

Qayd etilishicha, 2021 yilning fevral oyida Urgut, Samarqand tumanlari va Samarqand shahrida kelinlar o‘rtasida sotsiologik tadqiqot o‘tkazilgan. Unga ko‘ra, erta nikohning sabablari — ota-onalar (70 foiz), sevgi-muhabbat (26 foiz), erta homila (3,4 foiz), diniy qarashlar (1,5 foiz) kabi omillar bo‘lgan.

Erta turmush qurish oqibatida 38,2 foiz o‘smir qizlarning sog‘ligi, 22,9 foizida ota-onalar bilan munosabatlar yomonlashgan. 25,2 foizi iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan. Shuningdek, 9 foiz holatda yaqin do‘stlari bilan aloqalar uzilishiga olib kelgan.

Respondentlarga «oila qurganingizdan keyin o‘qishingizni davom ettirdingizmi?», deya savol bilan murojaat qilinganida, so‘rovda ishtirok etganlarning faqat 37,6 foizi o‘qishlarini davom ettirganligini ta’kidlagan. 17,1 foizi davom ettirishni o‘zlari xohlamagan, 25,6 foiziga turmush o‘rtoqlari ruxsat bermagan, 13,3 foizining o‘qishlariga esa qaynona-qaynotalari ruxsat bermagan.

Sotsiologik tadqiqot natijalarining ko‘rsatishicha, 41,6 foiz respondent homiladorlik va undan keyingi zarur tibbiy yordamni to‘liq olgan. Ammo jami respondentlarning 12,7 foizi to‘liq, 25,1 foizi zarur darajada tibbiy yordam olmagan. 7,2 foiz respondent tibbiy yordamga ko‘p mablag‘ sarflaganini bildirgan.

«BMTning „Aholishunoslik jamg‘armasi“ tomonidan mazkur tadqiqotga katta qiziqish bildirildi. 2021 yil iyun-iyul oylarida „Aholishunoslik jamg‘armasi“ bilan hamkorlikda „Mahalla va oila“ ilmiy-tadiqiqot instituti tomonidan erta turmush va erta tug‘ruq holatlarining eng ko‘p qayd etilayotgan Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari, Namangan va Toshkent shahrida yoshlar, ota-onalar, ekspertlar ishtirokida chuqurlashtirilgan tadqiqot o‘tkazish rejalashtirilgan», — deydi Hamid Abdurahmonov.