Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev yo‘llarda sodir bo‘layotgan YTHlarda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mashinalar sifatining pastligi va xavfsizlik jihatidan jihozlanmaganligi ham sabab bo‘layotganini ta’kidladi. Bu haqda deputat Mahalla telekanalining Minbar ko‘rsatuvida gapirgan.

Rasul Kusherbayev YTHlarda UzAutoMotors mashinalarining qattiq zarar ko‘rishini tanqid qilib, mashinalarning avariyalarga sifat darajasi moslanmaganligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

«Kuzatyapmiz, pachoq bo‘lib ketgan avtomobil. Bu avtomobilni shu yo‘l harakati hodisasiga sifat darajasi qanchalik moslab chiqilgan degan savol bor. Ilgari ishlab chiqilgan 06 mashina bilan Nexia`ning to‘qnashuvida, e’tibor bersak Nexia juda ham pachoqlanib ketgan. Ya’ni bu ishlab chiqaruvchilar bizning monopolistlarimiz UzAutoMotors mashinalari hammasi bunday qarasak», — deydi deputat.

Rasul Kusherbayev avtomobillarni ishlab chiqarishda plastmassadan foydalanishi haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Ilgari odamlarni temir o‘ldirgan bo‘lsa, hozir plastmassa o‘ldiryapti. Nima farqi bor? Avtomobillaringiz agar shunchalik yaxshi chiqayotgan bo‘lsa, nimaga haligacha o‘lim xavfi ko‘payib bormoqda? Siz mashinalaringizni o‘sha chet el mashinalari bilan solishtiring. Siz (UzAutoMotors) faqat bizniki yaxshi, yaxshi deb aytasiz», — dedi u.

Deputat arzon narxlarda sotilayotgan mashinalarda xavfsizlik yostiqchalari yo‘qligi haqida so‘z yuritdi.

«Avtomobil yo‘llarini tushunish uchun Avtomobil yo‘llari institutini bitirish shart emas. Haydovchi sifatida o‘tirib ham bilasiz. Avtomobilni xavfsizlik jihati qanchalik talabga javob beradi yoqi yo‘q. Keling bir xil hammaga yondashaylik. Nimaga arzon avtomobillarda xavfsizlik yostiqchalari chiqmaydi? Damas`larda, boshqalarda? Faqat qimmatiga chiqarasizlar. Go‘yoki arzonini odam haydamaydi-da. Qimmatida odam yuradi. Arzon mashina olgan odamning qadri yo‘qmi? Nimaga bir xil yondashmaysizlar? Hech kim 100 foiz javob beradi degani yo‘q bu yerda. Men solishtirib ko‘ringlar dedim. Qalinroq qilsin bo‘lmasa. Sifati javob beradigan qilsin. Sal bitta qattiqroq urilgan Damas`lar ag‘darilib ketmasin. Shu gapni aytsa siz qabul qilmayapmiz», — deya ta’kidladi u.

«Avtoustoz» o‘quv ishlab chiqarish kombinati mutaxassisi Orifjon Nazarov ishlab chiqarilayotgan mashinalarni plastmassadan ishlab chiqarilishi xavfsizlik tizimi uchun ekanligini ta’kidladi.

«Hozirgi avtomobillarimizga ko‘proq plastmassani ishlatishimiz sababi bu avvalambor xavfsizlik tizimi uchun, ya’ni u sinib ketsa ham insonga kamroq tan jarohati olinishi maqsadida qilingan. Butun dunyoda yuqori tezlik bo‘ladigan bo‘lsa, menman degan avtomobil ham saqlab qola olmaydi. Biz izlanayapmiz, lekin bu umuman sifatsiz degani emas. Siz haydovchilarni madaniyatini to‘g‘irlashingiz kerak», — dedi u.

Orifjon Nazarov arzon mashinalarda xavfsizlik yostiqchalari yo‘q ekanligi haqida to‘xtalib, haydovchilar «tekin kamar» ni ham taqmasliklarini ta’kidladi.

«Tekin xavfsizlik kamarini taqmaydi-ku haydovchilar? Men kompaniyani himoya qilmayapman, men haydovchining ham mas’uliyatini oshirishni aytayapman», — deb aytdi u.

Bunga javoban, Rasul Kusherbayev «Siz monopolist, lobbistsiz. Fuqarolar yonini oladigan emas. Qachon fuqarolarni yonini olishni boshlaysiz?», — deya qo‘shimcha qildi.