Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2020 yilda eng ko‘p zarar ko‘rgan va eng ko‘p foyda ko‘rgan davlat ishtirokidagi korxonalar ro‘yxatini e’lon qildi. Unga ko‘ra, «O‘ztransgaz» eng ko‘p zarar ko‘rgan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati esa eng ko‘p foyda ko‘rgan davlat korxonasi bo‘ldi.

2020 yilda eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat korxonalari o‘ntaligi:

  1. «O‘ztransgaz» — 3,5 trln so‘m;
  2. Uzbekistan Airways — 755,7 mlrd so‘m;
  3. «Toshissiqquvat» — 605,2 mlrd so‘m;
  4. Toshkent metallurgiya zavodi — 380 mlrd so‘m;
  5. «Yangi Angren» IES — 245,6 mlrd so‘m;
  6. «O‘zbekko‘mir» — 183,8 mlrd so‘m;
  7. «Angren» IES — 177,7 mlrd so‘m;
  8. Grand Road Tashkent — 89,8 mlrd so‘m;
  9. FK «Paxtakor» — 82,7 mlrd so‘m;
  10. «Angren issiqlik energiyasi» DUK — 54,6 mlrd so‘m zarar ko‘rishgan.

Umumiy hisobda ushbu 10 ta davlat korxonasining ko‘rgan zarari 6 trln 150 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Ma’lumot uchun, «O‘ztransgaz» 2019 yilni 2,1 trln so‘m zarar bilan yakunlagan.

2020 yil may oyi oxirida pandemiya ta’sirini yumshatish maqsadida karantindan eng ko‘p zarar ko‘rgan Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports’ga 122 mln dollarlik kreditlarni kechiktirish va 60 mlrd so‘mdan ortiq soliq imtiyozlari berilgan edi.

Bundan tashqari, Inqirozga qarshi kurash fondi Uzbekistan Airways’ga aylanma kapital sifatida 50 mln dollar miqdorida foizsiz kredit ajratdi.

Shuningdek, ishonchli boshqaruvga berilgan «Yangi Angren» IES (246 mlrd so‘m zarar), «O‘zbekko‘mir» (184 mlrd so‘m zarar) va «Angren» IES (178 mlrd so‘m zarar) ham eng ko‘p sarar ko‘rgan davlat korxonalari ro‘yxatiga kirgan. Bunga iqtisodchi Bakirovning e’tibor qaratdi. «Zarar ko‘rib ishlayotgan o‘nta davlat korxonasining 3 tasi, balki 5 tasi ishonchli boshqaruvga berilgan», — deya yozdi u.

«Solishtirish uchun 2019 yilda „Yangi Angren“ IES 55 mlrd so‘m, „O‘zbekko‘mir“ AJ 80 mlrd so‘m zarar ko‘rgan, „Angren“ IES esa kichik bo‘lsada, 338 mln so‘mlik foyda qayd etgan. Boshqacha aytganda, ishonchli boshqaruvga o‘tgandan keyin korxonalarning samarasizligi, zarari karrasiga oshgan», — deya yozmoqda iqtisodchi Bakirov.

2020 yilda eng ko‘p foyda ko‘rgan davlat korxonalari o‘ntaligi:

  1. OKMK — 3,9 trln so‘m;
  2. «O‘zbekneftegaz» — 3,4 trln so‘m;
  3. «Farg‘onaazot» — 292,6 mlrd so‘m;
  4. O‘zmetkombinat — 218,5 mlrd so‘m;
  5. «Hududgazta’minot» — 211,2 mlrd so‘m;
  6. Coca-Cola Uzbekistan — 205,7 mlrd so‘m;
  7. Ucell — 199,8 mlrd so‘m;
  8. «O‘zshahar qurilish invest» — 168,8 mlrd so‘m;
  9. «O‘zavtosanoat» — 160,3 mlrd so‘m;
  10. Tovar hom ashyo birjasi — 94,8 mlrd so‘m foyda ko‘rishgan.

Umumiy hisobda ushbu 10 ta davlat korxonasining ko‘rgan foydasi deyarli 8 trln 930 mlrd so‘mni tashkil etdi.