27 va 28 aprel kechalari Yevropa Chempionlar ligasining yarim final uchrashuvlari dastlabki o‘yinlari o‘tkaziladi. Bugun bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan o‘yin oldidan jamoalar tayyorgarligi, ularning yarim finalga qanday yetib kelganligi va o‘yinchilar holati haqida prevyuni taqdim etamiz.

Foto: twitter.com/ChampionsLeague

«Real Madrid» — «Chelsi» (Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da)

Jamoalarning hozirgi holati: «Real Madrid» jamoasi ayni vaqtda Ispaniya chempionatida 33-turdan so‘ng 71 ochko bilan 2-pog‘onada bormoqda. Jamoaning eng yaqin ta’qibchisi «Barselona» bitta qo‘shimcha o‘yin bilan 71 ochkoga ega. «Real»dan oldinda esa Madridning boshqa bir jamoasi «Atletiko Madrid» 73 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. «Real Madrid» 33-turda o‘z maydonida «Betis»ni qabul qilib, 0:0 hisobidagi durangga imzo chekdi.

«Chelsi» ham APLda 33-turni o‘tkazib ulgurdi. Jamoa ayni vaqtda 58 ochko bilan turnir jadvalida 4-o‘rinda bormoqda. Ular 33-turni mehmonda «Vest Xem»ga qarshi o‘tkazdi va unda 0:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Yarim finalga qanday yetib kelishdi?

B guruhida ishtirok etgan «Real Madrid» 3 g‘alaba, 1 durang va 2 mag‘lubiyat bilan 10 ochko to‘plagan holda 1-o‘rin bilan nimchorak finalga chiqdi. «Atalanta»ga duch kelgan madridliklar dastlabki o‘yinda 0:1, javob uchrashuvida esa 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Mazkur bosqichda esa Angliyaning boshqa bir klubi, «Liverpul» bilan bahslashgan jamoa ilk o‘yinda 3:1 hisobida g‘alaba qozongan bo‘lsa, javob uchrashuvida 0:0 hisobida durang o‘ynadi.

«Chelsi» YeCHLning E guruhida ishtirok etib, 14 ochko bilan 1-o‘rinni egalladi hamda nimchorak finalga yo‘l oldi. Mazkur bosqichda «Atletiko Madrid» raqibi bo‘lgan jamoa dastlabki o‘yinda 0:1, javob uchrashuvida esa 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, chorak final ishtirokchisiga aylangan edi. Ushbu bosqichda ular «Portu»ga qarshi kuch sinashishdi. Ilk o‘yinda 0:2 hisobida g‘alaba qozongan jamoa, javob uchrashuvida o‘z maydonida 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.

O‘zaro o‘yinlar: Jamoalar umumiy 5 bor to‘qnash kelishgan. Shulardan 2 tasida «Real Madrid», 2 tasida esa «Chelsi»ning qo‘li baland kelgan. Yana 1 o‘yinda durang natija qayd etilgan.

Jamoalarning jarohatlangan futbolchilari:

«Real Madrid»: Federiko Valverde, Ferlan Mendi, Serxio Ramos, Lukas Vaskes, Toni Kroos. «Chelsi»: Mateo Kovachich.

Jamoalarning ayni vaqtdagi yaxshi formadagi futbolchilari:

«Real Madrid»ning YeCHL doirasidagi eng yaxshi futbolchilaridan biri Vinisius Junior. Braziliyalik futbolchi musobaqaning ushbu mavsumida 10 ta o‘yinda maydonga tushib, jami 509 daqiqa maydonda harakat qilgan. 3 bor raqiblar darvozasini ishg‘ol qilib, 1 marta golli uzatmaning muallifiga aylangan.

«Chelsi» safida YeCHL doirasida Timo Verner 9 bor maydonga tushib, 617 daqiqa maydonda bo‘lgan. U o‘ziga berilgan imkoniyatdan 3 marta gol urgan bo‘lsa, 2 marta golli uzatmani amalga oshirgan.

Jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi 5 maydan 6 mayga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadi.