Polshaning Kelse shahrida boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionatining qizlar orasidagi final janglarida O‘zbekistondan ishtirok etgan Nigina O‘ktamova g‘olib bo‘ldi. Bu haqda Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

-54 kg vazn toifasida samarqandlik Nigina O‘ktamova ukrainalik Kristina Lakichukka qarshi to‘qnash keldi va 4:1 hisobida g‘alabaga qozondi.

Nigina O‘ktamova o‘zbek bokschi qizlari orasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan ilk sportchiga aylandi.

Shundan so‘ng, Mohinabonu Abdullayeva (-64 kg) ham o‘z jangini o‘tkazdi. Biroq, rossiyalik Azaliya Aminevaga qarshi bellashuvda mag‘lub bo‘ldi.

Shu tariqa, o‘zbekistonlik bokschi qizlar yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatini 1 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medali bilan tugatadigan bo‘lishdi.