17 aprel kuni Belarusning ONT telekanalining kechki paytdagi yangiliklar ko‘rsatuvida, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga suiqasd va mamlakatda qurolli qo‘zg‘olonni tayyorlashga urinish haqida hikoya qiluvchi maxsus ko‘rsatuv namoyish etildi, xabar berdi BELTA.

Davlat xavfsizligi qo‘mitasi raisi Ivan Tertel telekanal efirida, yaqinda qo‘mita ko‘p bosqichli maxsus operatsiyani yakunlaganini ma’lum qilgan. Natijada Belarusda qurolli qo‘zg‘olon urinishlari va hokimiyat vakillari, shu jumladan davlat rahbarini yo‘q qilish harakatlari bartaraf etilgan. Ushbu tadbirlar joriy yilning iyun-iyul oylariga rejalashtirilgan edi.

«Ushbu guruh a’zolari Belarus prezidenti, uning oila a’zolarini jismonan yo‘q qilish, hokimiyatni zo‘rlik bilan qo‘lga kiritish maqsadida qurolli isyon uyushtirish rejasini batafsil rejalashtirib, amalga oshirishga kirishgan edilar», — dedi Ivan Tertel.

Guruh tarkibiga Belarus va chet el fuqarolari kirgan. Syujetda keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, fitnachilarning qurolli isyoni «Jimjitlik» deb atalgan. Efirda gumonlanuvchilarning video uchrashuvlari namoyish etildi, unda yaqinlashib kelayotgan jinoyat tafsilotlari muhokama qilingan.

Uchrashuvlar ishtirokchilaridan biri Aleksandr Feduta edi. «Kimdir uni adabiyotshunos, siyosatshunos va gumanitar fanlarning doktori sifatida biladi, biroq mazkur niqoblar orqasida tashkilotchilardan biri yashiringan edi. Kuch ishlatish ssenariysini aynan u batafsil ishlab chiqqan», — ma’lum qilindi voqea tafsilotlarida.

Yuriy Zenkovich, «to‘ntarishning asosiy tashkilotchisi» deb tan olindi. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Zenovich uzoq vaqt AQSHda yashagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda, AQSH Davlat departamenti uning yonini olishga tayyor.

Uchrashuv ishtirokchilari orasida BNF oppozitsiya partiyasi yetakchisi Grigoriy Kostusev, chet elda bo‘lgan muxolifat lideri Igor Makar va boshqa shaxslar bor edi.

«Birinchi vazifamiz — eng asosiysini yo‘q qilish. Ikkinchi vazifa — ichki qo‘shinlarni, OMONni bloklash. Uchinchi vazifa — murojaatni o‘qishimiz uchun shahar markazidagi bir nechta ramziy ob’ektlarni, shu jumladan radiostansiya va televideniyeni egallash. Tashqi kuchlarni jalb qila olmasliklari uchun Minskni blokirovka qilish maqsadga muvofiqdir», dedi Yuriy Zenkovich boshqa gumonlanuvchilar bilan shaxsiy uchrashuvida. Mazkur videoyozuv telekanalda namoyish etildi.

Tafsilotlarda qo‘shimcha qilinishicha, guruh terroristik tashkilotlar bilan yaqin aloqada bo‘lib, hokimiyatni egallash uchun majburiy kuch ishlatishni o‘z ichiga olgan kamida uchta ssenariy tayyorlangan.

Yig‘ilishda aytilishicha, to‘ntarishdan keyin jamiyat va davlatni o‘zgartirish uchun kamida besh yil kerak bo‘ladi. Harbiy isyon va suiqasdlardan so‘ng Belarus Polsha tajribasiga ko‘ra «demokratiyani o‘stirish» uchun inkubatorga aylanishi kerak, deyiladi dasturda.

Belarus televideniyesida dastur namoyish etilgandan so‘ng, Rossiya FSB Jamoatchilik bilan aloqalar markazi tafsilotlarni keltirdi: taxmin qilingan harbiy to‘ntarishning ikki tashkilotchisi — AQSH va Belarusning ikki fuqaroligiga ega advokat Yuriy Zenkovich va siyosatshunos Aleksandr Feduta Moskvada qo‘lga olindi, deb xabar berdi RIA Novosti.

FSB ma’lumotlariga ko‘ra, fitnachilar prezidentlikni bekor qilishga va mamlakat rahbarligini «Milliy yarashuv qo‘mitasi» ga topshirishga tayyorgarlik ko‘rishgan. Shuningdek, operativ lavhalardan ular asosiy davlat tuzilmalari boshqaruvini o‘zaro taqsimlaganliklari va prezident mulkini o‘zlashtirishni rejalashtirganliklari ma’lum bo‘ladi.

Davlat xavfsizlik qo‘mitasi hibsga olinganlarga nisbatan tegishli huquqbuzarliklar asosida jinoyat ishlarini qo‘zg‘atdi. Jinoyat ishi 357-modda (hokimiyatni egallash uchun fitna) bo‘yicha tergov qilinmoqda. Belarus tarixida birinchi marta hibsga olinganlarga 8 yildan 12 yilgacha muddat berilishi mumkin. Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olinganlar idoraviy tergov izolyatorida va ular o‘z ayblarini tan olishmoqda.

Avvalroq, Aleksandr Lukashenko jurnalistlar bilan shanbalik paytida suhbatlashar ekan, uning va o‘g‘illarining hayotiga suiqasd qilish to‘g‘risida xabar bergan. «Nega men jim edim — men o‘zim haqimda, oilam haqida, bolalar haqida gapirishni istamayman. Ammo ular bolalarga o‘tishdi. Rejada imkoniyatga qarab bir, ikki bolani qo‘lga kiritish aks etgan», — dedi u.

«Biz guruhni hibsga oldik, barchasi qanday rejalashtirilganligini ko‘rsatib berishdi. Keyin biz xorijiy maxsus xizmatlar ishini aniqladik. Ehtimol, Markaziy razvedka boshqarmasi, Federal tergov byurosi, amerikaliklarning qaysi biri u yerda ishlaganligini bilmayman … Biz ularning Minskga kelib, prezident va bolalarga suiqasd uyushtirishni boshlash istagini aniqladik», — dedi davlat rahbari.

Aleksandr Lukashenko ma’lum bir prezident dekretini chiqarishi haqida xabar berdi. «Bu chorak asrlik prezidentlik davridagi mening asosiy qarorlarimdan biri bo‘ladi. Bu juda jiddiy bo‘ladi. Shuning uchun, men bo‘lmasam ham, „faqat mening jasadim orqali“ degan mashhur so‘zlar bilan aytganda, ular muvaffaqiyatga erisha olmaydilar», — dedi u.

AQSH Davlat departamenti vakili «Lukashenkoning o‘ldirilishiga urinish ortida AQSH hukumati turgani yoki unda qatnashgani haqidagi har qanday taxminlar mutlaqo haqiqatga zid», deb aytdi.

2020 yil 9 avgustda Belarusda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi, unda amaldagi davlat rahbari Aleksandr Lukashenko g‘olib bo‘ldi. Muxolifat va G‘arb davlatlari saylov natijalarini tan olishdan bosh tortdilar. Mamlakatda avgust oyidan beri norozilik namoyishlari davom etmoqda.