O‘zbekistonda COVID-19 ga qarshi 660 ming dozali AstraZeneca (Covishield) vaksinasi qabul qilindi. Gumanitar yuk Toshkentga 17 martga o‘tar kechasi yetib keldi va chorshanba kuni tushdan keyin uni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Gazetы.uz» muxbiri.

Bu COVAX dasturi bo‘yicha O‘zbekistonga ajratilgan 2 mln 256 ming dozaning birinchi partiyasi hisoblanadi. Qolgan qismi yaqin oylarda yetkazib beriladi, deya ma’lum qildi JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Liann Kuppens.

Vaksinaning yetib kelishi. Foto: YUNISEF

AstraZeneca bilan ommaviy emlash Navro‘zdan keyin boshlanadi, dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev.

Bahodir Yusupaliyev vaksinalar olib kelingan qutilarni ochmoqda.

«JSST COVID-19 ga qarshi AstraZeneca/Oxford vaksinasini favqulodda ishlatish mumkin bo‘lgan vaksinalar ro‘yxatiga kiritgani uni COVAX orqali global miqyosda tarqatishga imkon berdi. O‘zbekiston AstraZeneca vaksinatsini tadbiq etadigan 49 mamlakat bo‘ldi», — dedi doktor Liann Kuppens.

Liann Kuppens.

JSST Yevropaning bir qancha mamlakatlarida mazkur vaksinaning qo‘llanilishi to‘xtatilgani haqidagi xabarga izoh berdi. Unga ko‘ra, «kam sonli insonlarda AstraZeneca vaksinasi bilan emlangandan so‘ng, qon ivish normasining buzilishiga olib kelgani», «emlashdan keyingi davrdagi har qanday noxush hodisalar ustidan qat’iy kuzatuv tizimining yaratilishiga» imkon berdi.

«Ushbu holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar hozirda JSST tomonidan to‘planib, sinchkovlik bilan tahlil qilinmoqda … Ayni paytda biz ushbu hodisalarning ba’zilarida yoki barchasida vaksina yoki boshqa tasodifiy omillar sabab bo‘lganmi, bilmaymiz. O‘rganish ishlari tugagandan so‘ng, biz hulosalar to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilamiz. Hozircha […] AstraZeneca’ning COVID-19 ni oldini olishdagi afzalligi uni nojo‘ya ta’sirlaridan ko‘proq», — deyiladi JSST bayonotida.

YUNISEF O‘zbekistonda COVID-19 ga qarshi vaksinani tadbiq etish milliy rejasini ishlab chiqishda ko‘mak berdi va bu borada aholining xabardorligini oshirish bo‘yicha kommunikatsiya kampaniyasini bolshladi. JSST O‘zbekistonning COVID-19 ga qarshi emlashga tayyorgarligi doirasida aholi bilan bevosita ishlaydigan sog‘liqni saqlash xodimlari uchun o‘quv modullarini tayyorlashda va ularni o‘qitishda yordam berdi.

«Vaksinalarga teng va odilona ega bo‘lish pandemiyani to‘xtatishda o‘ta muhimdir,shu bois vaksinalarga hamma ega bo‘lishini ta’minlashimiz zarur», — deya ta’kidladi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

Munir Mamedzade.

Liann Kuppens o‘z nutqida O‘zbekiston vaksinatsiyaga tayyorligini ta’kidladi va emlashdan keyin bo‘shashmaslikka chaqirdi.

«Vaksina burilish nuqtasidir, ammo biz bo‘sh kela olmaymiz. Niqob taqishni, qo‘lingizni yuvishni va jismoniy masofani saqlashni davom ettirish kerak. <...> Shuni esda tutish kerakki, vaksinani olganligingizga qaramay, siz hali ham virusni yuqtirishingiz va uni tarqatishingiz mumkin. O‘zimizni va boshqalarni himoya qilish bizning axloqiy mas’uliyatimizdir», — dedi Liann Kuppens.

JSST vakolatxonasi rahbari, shuningdek, Yevropaning bir qator mamlakatlarida AstraZeneca bilan emlanganlarda tromboz holatlari kuzatilgandan so‘ng, mazkur vaksinani qo‘llashni to‘xtatib qo‘ygani haqidagi xabarlarga izoh berdi

«Bugungi kunga qadar dunyo bo‘ylab 300 mln dozada turli xil vaksinalar qo‘llanilgan va biron bir vaksinaning dozasi hech bir mamlakatda o‘lim bilan bog‘liq emas. Xuddi shu narsa AstraZeneca vaksinasiga ham tegishli», — deb aytdi JSST vakolatxonasi rahbari.

«AstraZeneca'ning 17 mlndan ortiq dozalari turli mamlakatlarda tatbiq etilgan va shu paytgacha o‘lim holatlari bilan bog‘liqlik yo‘q. Har qanday jiddiy nojo‘ya ta’sirlarni JSST Vaksinalar xavfsizligi bo‘yicha global maslahat qo‘mitasi orqali to‘playdi va jiddiy nazorat qiladi. <...> Bugun yoki ertaga biz JSST tomonidan bu borada bayonot kutmoqdamiz», — dedi u.

AQSH elchisi Deniyel Rozenblyum (o‘ngda)

CEPI, GAVI, YUNISEF va JSST o‘rtasidagi SOVAX sherikligi 92 ta past va o‘rta daromadli mamlakatlar uchun vaksinalardan teng darajada foydalanish imkoniyatini ta’minladi. Ularga kamida 1,3 mlrd dozada vaksinalar taqdim etiladi. SOVAX dasturi AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Kanada, Yevropa Komissiyasi, Yaponiya va boshqa donorlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Vaksinalarni saqlash sovutgichi.

Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, «Vaccine Maitri» («Do‘stlik vaksinasi») tashabbusi bilan Hindiston 70 dan ortiq mamlakatlarga 58 mln dozada COVID-19 vaksinalarini yetkazib berdi, ulardan qariyb 8 mln dozasi xayriya qilindi, 16,5 mln doza COVAX tashabbusi orqali va 34 mln doza tijoriy asosda yetkazib berildi.