Shotlandiya hukumati Buyuk Britaniya tarkibidan chiqish masalasi bo‘yicha so‘nggi yetti yil ichida ikkinchi bor referendum o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda The National nashriga asoslanib, Meduza xabar berdi.

Hukumatning izohlashicha, bunga sabab 2016 yilda ko‘pchilik shotlandlar qo‘shma qirollikning Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqishiga qarshi chiqqan bo‘lsa-da, Buyuk Britaniya YeIni tark etgani bo‘lmoqda.

Mustaqillik uchun birinchi referendum 2014 yil o‘tkazilgan edi. Unda 55% shotlandiyaliklar Buyuk Britaniya tarkibida qolish tarafdorlari sifatida ovoz berishgan edi.

Shotlandiya hukumati yaqin bir necha hafta ichida ikkinchi referendumni o‘tkazish masalalari va uning sanasi borasida aniq bir qarorga keladi.