Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 42-moddasiga (Davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) o‘zgartish va qo‘shimcha kiritilmoqda, deya xabar berdi «Yuksalish» UMH.

Unga ko‘ra, tarbiya va ta’limda tilni erkin tanlash huquqlarini buzish, tildan foydalanishda to‘sqinlik qilish va cheklash, davlat tilini, O‘zbekistonda yashovchi boshqa millat va elatlar tillarini mensimaslik uchun jarima miqdorini ko‘paytirish nazarda tutilmoqda — BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha (735 mingdan 1,2 mln so‘mgacha).

Kodeksning ushbu moddasi ikkinchi qism bilan to‘ldirilib, huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, kuchaytirilgan holda belgilanmoqda.

Amaldagi qonunga ko‘ra, ushbu jarima BHMning 1 baravaridan 2 baravarigacha (245 — 490 ming so‘m) etib belgilangan.