Xitoyda sakkiz oy ichida birinchi marta koronavirus bilan kasallangan bemor vafot etdi

May oyining o‘rtalaridan beri birinchi o‘lim Xebey provinsiyasida qayd etildi. U yerda yanvar oyi boshida epidemiya yana avj oldi. 8 yanvar kuni Xebey provinsiyasining 11 million aholisi bo‘lgan Shitszyachjuan shahrida lokdaun va harbiy holat joriy etildi. Ushbu qaror koronavirus infeksiyasining yangi holatlari sonining keskin o‘sishi tufayli qabul qilindi. Shaharda maktablar va turar-joy majmualari faliyati to‘xtatildi, kirish joyi yopildi va uch kun davomida pochta orqali yetkazib berish to‘xtatildi. — XXR Gigiyena va sog‘liqni saqlash davlat qo‘mitasi.

Hindistonda sigirlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun doirasida ilk bor fuqaro hibsga olindi

Hindiston politsiyasi sigirlarni himoya qilish to‘g‘risidagi yangi qonun (sigirlarni so‘yishni taqiqlovchi) doirasida birinchi kishini hibsga oldi. Karnataka shtati huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari mol tashiydigan yuk mashinasi haydovchisini hibsga oldi. Erkakka noma’lum shaxslar hujum qilishdi, ular yuk mashinasini majburan to‘xtatib, tintuv o‘tkazdilar. Natijada u kasalxonaga yotqizilib, noqonuniy chorva mollarini tashishda ayblandi. Hujum qilganlarga qarshi jinoiy ish ham qo‘zg‘atildi. — NDTV.

Qonun 2020 yil oxirida qabul qilingan. Unga ko‘ra, jinoyatchilar uch yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bundan tashqari, ular 683−6833 dollar miqdorida jarimaga tortilishadi. Agar odam ikkinchi marta sigirlarni so‘yishda ayblansa, unga yetti yillik qamoq jazosi tayinlanadi va jarima 1366−13600 ming dollarga ko‘payadi.

Tramp AQSH tarixida ikki marotaba impichment e’lon qilingan birinchi prezident bo‘ldi

Demokratlar nazorati ostidagi AQSH Vakillar palatasi amaldagi respublikachi prezident Donald Trampga impichment e’lon qilish to‘g‘risidagi qarorni ma’qullashdi. Hujjatda faqat bitta ayblov ko‘rsatilgan — isyonga da’vat qilish. Tasdiqlanganidan keyin Tramp ikki marotaba impichment e’lon qilingan mamlakatning birinchi prezidenti bo‘ldi. Demokratlar respublikachini lavozimidan olish uchun birinchi urinishini 2019 yilda amalga oshirishgan. Keyin Vakillar palatasi impichmentga ovoz berdi, ammo respublikachilar nazorati ostidagi Senat 2020 yil boshida kongressmenlar tomonidan ilgari tasdiqlangan ikkala ayblov bo‘yicha ham davlat rahbarini oqlashdi. — TASS.

Rim papasi COVID-19ga qarshi emlandi

Rim papasi Fransisk koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi dozasini oldi. Bundan tashqari, Fransiskdan avvalgi, hozir 93 yoshda bo‘lgan Benedikt XVI ham emlandi. Fransisk yakshanba kuni yaqin kunlarda emlashni rejalashtirayotganini e’lon qilgan edi va boshqalarni ham emlashga chaqirdi. U emlashni «axloqiy ish» deb atadi, chunki u odamlar hayotini himoya qiladi. Italiya OAVlarining ta’kidlashicha, Vatikan Pfizer va BioNTech preparatlarini emlash uchun ishlatmoqda. — Vatican News.

AQSH Teslani 158 mingta avtomobilni qaytarib olishga chaqirdi

AQSH Milliy avtomobil yo‘llari harakati xavfsizligi boshqarmasi (NHTSA) Tesla kompaniyasini xavf tug‘dirayotgan 158 ming avtomobilni qaytarib olishga chaqirmoqda. Gap 2012−2018 yillarda chiqarilgan Model S «lyuks» sedanlari va 2016−2018 ishlab chiqarilgan Model X krossoverlar haqida ketmoqda. NHTSA ma’lumotlariga ko‘ra, mashinalarning sensorli ekranlari bir necha yil ishlatilgandan so‘ng xotira chiplari tugashi sababli yaroqsiz holga kelishi mumkin, bu esa mashina oynalarini terlanishdan saqlash va orqa ko‘rish kameralari funsiyalarini to‘xtatadi. Boshqarma Tesla dasturiy ta’minotni yangilash bilan muammoni hal qilishga urinib ko‘rganini, ammo bu choralar yetarli emasligini ta’kidlaydi. Federal qonunga binoan transport vositalari ishlab chiqaruvchilari xavfsizlik bilan bog‘liq nuqsonlarni tuzatish uchun mahsulotlarini qaytarib olishlari shart. NHTSA xabariga ko‘ra, Tesla taxminan 12,6 mingta avtomobilda shunga o‘xshash nuqsonlar aniqlangani ta’kidlamoqda. 2012−2015 yillarda ishlab chiqarilgan avtomobillar orasida nuqsonli avtomobillarning ulushi taxminan 15 foizni tashkil qiladi. — The Wall Street Journal.