Yangi yil mavsumida pirotexnika mahsulotlaridan foydalanish natijasida O‘zbekistonda 120 dan ortiq odamlar pirotexnikadan kuyish jarohatini olgan, ularning 80 foizi voyaga yetmaganlar. Bundan tashqari 6 ta uyda yong‘in sodir bo‘lgan. Bu haqda IIV matbuot kotibi Shoxrux G‘iyosov fuqarolarga murojaatida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 12 mlndan ziyod pirotexnika mahsulotlari musodara qilindi, 258 kishi ma’muriy va 17 kishi jinoiy javobgarlikka tortildi. Yana 1048 ta fakt bo‘yicha hujjatlar sud va boshqa organlarga qonuniy choralar ko‘rish uchun yuborilgan.

2010 yil 22 sentyabrdagi qonun bilan mamlakatda pirotexnika vositalarini noqonuniy ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ishlatish, shuningdek noqonuniy olib kirish, eksport qilish yoki sotish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik joriy etilgan.