Yangi yilning birinchi kunida 1644 chaqaloq tug‘ildi, deya xabar berdi SSV matbuot xizmati.

Vazirlik bu oxirgi 4 yildagi eng kam ko‘rsatkich ekanligini ta’kidladi. Ma’lumot uchun, 2018 yilning xuddi shu kuni 1961 nafar, 2019 yilda — 1708 nafar, 2020 yilda esa -1974 nafar chaqaloq tug‘ilgan edi.

1 yanvar kuni tug‘ilgan chaqaloqlarning 810 nafari qiz, 834 nafari esa o‘g‘il bola. Bolalarning 9 nafarini egizaklar (jami 18 nafar chaqaloq) tashkil qiladi.


Eng ko‘p bola Farg‘onada (202 nafar), Qashqadaryoda (196 nafar), Samarqand va Namanganda (169 nafardan) hamda Jizzax viloyatlarida (151 nafar chaqaloq) tug‘ildi.

Shuningdek, shu kuni Toshkent shahrida 139 nafar, Toshkent viloyatida 126 nafar, Surxondaryo viloyatida 95 nafar, Andijon va Buxoro viloyatlarida 79 nafardan, Xorazm viloyatida 71 nafar, Qoraqalpog‘istonda 66 nafar, Sirdaryo va Navoiy viloyatlarida 51 nafardan chaqaloq dunyoga keldi.