O‘zbekiston koronavirus pandemiyasi sharoitida turizm va madaniy almashinuvni rivojlantirish uchun Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar o‘rtasidagi parvozlarni bosqichma-bosqich qayta tiklashga chaqirdi. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 30 noyabr kuni SHHTga a’zo davlatlari hukumat rahbarlari Kengashining onlayn majlisida tegishli bayonot bilan chiqdi.

Abdulla Aripovning fikricha, bu jarayon koronavirus pandemiyasi sharoitida barcha sanitariya talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.

O‘zbekiston hukumati rahbari, shuningdek, O‘zbekiston tomonining har yili SHHTga raislik qilayotgan mamlakat shaharlaridan birini tashkilotning turistik va madaniy poytaxti etib e’lon qilish taklifiga ham to‘xtalib o‘tdi. «Ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaganlari uchun tomonlardan minnatdor bo‘lamiz», — deya ta’kidladi.

«Shuningdek, biz 2021−2022 yillarda turizm sohasida SHHTga a’zo davlatlar hamkorligi Dasturini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini tez fursatlarda tasdiqlashni qo‘llab-quvvatlaymiz», — dedi Abdulla Aripov.

Bosh vazir Samarqandda «Ipak yo‘li» xalqaro turizm universiteti tashkil etilgani va u SHHT davlatlari uchun turizm sohasida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi ta’lim muassasasiga aylanishi mumkinligini eslatib o‘tdi.

«Barcha hamkorlar va hamkasblarimizni mazkur universitet faoliyatida faol ishtirok etishga taklif etib qolamiz. Barcha mamlakatlarga qabul uchun tegishli kvotalarni ajratishga tayyormiz», — deya qo‘shimcha qildi hukumat rahbari.